20.02.2024
Antibiotiklar kimyoviy moddalardir. Ular tanaga tushgandan soʻng ayrim mikroblarni oʻldirib yoki oʻsishini toʻxtatib, tanaga kasallik bilan kurashishda yordam beradi. Bu dorilarga nisbatan “antibiotik” nomi 1942-yildan beri qoʻllanmoqda. Bu soʻz “hayotga qarshi” maʼnosini anglatuvchi ikkita yunoncha soʻzdan olingan. Antibiotiklar biz mikrob va bakteriyalar deb ataydigan hayot shakllariga qarshi kurashadi. Antibiotiklarning koʻpchiligi mikroblardan tayyorlanadi.
Mikroblar kichik tirik organizmlardir. Masalan, bakteriya va mogʻor ham mikroblardir. Antibiotiklarni tayyorlashda ishlatiladigan mikroblar kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroblarga qarshi “urush olib borishi” mumkin boʻlgan kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish qobiliyatiga qarab tanlanadi. Boshqacha qilib aytganda, inson oʻz manfaati uchun tabiatdagi mikroblar oʻrtasidagi kurashdan foydalanadi. Mikroblar omon qolish uchun doimiy ravishda kurashadi. Bu kurash jarayonida ular juda murakkab kimyoviy birikmalarni ishlab chiqaradi. Mikroblarni oʻrganish jarayonida olimlar ularda kasallik qoʻzgʻatuvchi bakteriyalarni yoʻq qilishga qodir moddalarni topdi. Agar bunday kimyoviy moddalar laboratoriya sharoitida va koʻp miqdorda ishlab chiqarilsa, ular antibiotiklar ishlab chiqarish uchun xomashyo sifatida ishlatilishi mumkin.
Antibiotiklar qanday qilib kasalliklarni davolaydi? Antibiotiklar qay tarzda tananing ular ishi talab qilinadigan qismiga tushadi? Ular qanday qilib baʼzi mikroblarning oʻsishini toʻxtatadi? Ehtimol, bu juda gʻalati tuyulishi mumkin, ammo olimlar hali ham bu savollarga aniq javob beradigan xulosaga kelmagan. Baʼzi olimlarning fikriga koʻra, antibiotiklar kasallik qoʻzgʻatuvchi bakteriyalarni kisloroddan mahrum qiladi va ular kislorodsiz koʻpaya olmaydi.
Boshqalari esa antibiotiklar bakteriyalarning bemor tanasidan ozuqa moddalarini olishiga toʻsqinlik qiladi va ular ochlikdan nobud boʻladi deb hisoblaydi. Yana bir guruh olimlarning taxminiga koʻra, kasallik qoʻzgʻatuvchi bakteriyalar antibiotiklarni odatdagi ozuqalari bilan adashtirib, ularni yeydi va zaharlanadi. Aftidan, antibiotiklar turli usullar bilan taʼsir qiladi.
Ayni antibiotik turli xil bakteriyalarga turlicha taʼsir qilishi mumkin. Bir holatda u bakteriyalarni oʻldiradi. Boshqasida esa faqat ularni zaiflashtirib, tananing tabiiy himoya resurslariga kasallik bilan kurashishiga imkon beradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.