O‘lat nima?

Oʻlat epidemiyasi haqidagi birinchi yozma qaydlar Tavrotda boʻlgan. Filistimliklar isroilliklarni magʻlub etib, buning uchun oʻlat bilan jazolangan. Oʻlat dastlab kalamush va boshqa kemiruvchilarga, soʻngra odamlarga ham taʼsir qiladigan oʻtkir yuqumli kasallik. Uni Bacillus pestis mikrobi keltirib chiqaradi. Kemiruvchilarda yashaydigan burgalar odamlarni chaqib, ularga ham bu kasallikni yuqtiradi. Oʻlatga chalingan odamda isitma boshlanadi, eti uvishib, chov (qorinning ostki qismi, qorin bilan sonlar orasi) sohasida shishlar, terisida dogʻlar paydo boʻladi. Bu dogʻlar qoramtir rangda boʻlgani va koʻplab odamlarni hayotdan olib ketgani sababli oʻlat oʻrta asrlarda “qora oʻlim” deb atalgan. Shuningdek, chovdagi shishlar tufayli u “chov oʻlati” deb ham atalgan.

Bu kasallikning nomi ingliz tilida baʼzan har qanday xavfli epidemiyaga nisbatan qoʻllanadi. Insoniyat tarixidagi eng dahshatli oʻlat epidemiyalaridan biri XIV asrda roʻy bergan. U Markaziy Osiyoda boshlanib, Qora dengiz qirgʻoqlariga yetib borgan, keyinchalik Yevropa portlariga va besh yil ichida butun qitʼaga tarqalgan. Oʻlat kelgandagi birinchi reaksiya — vahima va odamlarning falokat boshlangan hududni tark etishga boʻlgan harakati boʻlgan. Ammo hammaning ham bunga imkoni boʻlmagan. Oʻlat tarqalishining oldini olish uchun turli xil ehtiyot choralari koʻrilgan. Odamlar uyida izolyatsiyalanib, ularni tark etishi taqiqlangan. Ularni yoʻqlashga hech kimning haqqi boʻlmagan va ularga oziq-ovqatni maxsus odamlar olib kelgan. Oʻlat bilan kasallangan odam vafot etganida, uning barcha mol-mulki yoqib yuborilgan.

XVII asrda chov oʻlati Yevropaga qaytib kelgan. Fransiyaning Lion shahri aholisining deyarli yarmi qirilib ketgan. Milanda 86 000 ga yaqin odam, Venetsiya Respublikasida esa deyarli 500 000 kishi vafot etgan. Hozirgi vaqtda oʻlat tarqalishining oldini olish uchun barcha choralar koʻrilmoqda va asosiy ehtiyot chorasi kemiruvchilarga, ayniqsa, kalamushlarga qarshi kurashishdir. 

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!