Bizni uyg‘onishga nima majbur qiladi?

Hammamizda ham baʼzida uyqu buzilishi kuzatiladi. Baʼzan juda uyqumiz kelganda ham uxlay olmaymiz. Baʼzida esa uzoq vaqt uxlay olmaymiz yoki erta tongdan turib olamiz. Agar yaramas budilnik bezor qilib jiringlayvermaganida edi, hech uygʻonmasdan uxlayverishimiz mumkindek tuyuladi. Bizni nima uygʻotishi olimlarga hali toʻliq maʼlum emas. Bu borada ikkita nazariya boʻlgani sababli ularni qisqacha koʻrib chiqamiz. Birinchi nazariyaga koʻra, uyqu va charchoq bir-biriga bogʻliq hodisalardir. Energiya zaxirasi toʻlishdan koʻra tezroq sarflangani uchun nerv hujayralari charchaydi. Shuningdek, nerv hujayralari chiqidlar tanadan chiqarilishidan koʻra tezroq toʻplangani uchun ham charchash holatlari kuzatiladi.

Oʻylash, koʻrish, his qilish, umuman, har qanday aqliy faoliyatni amalga oshirganimizda energiya sarflaymiz. Shuning uchun miya va boshqa asab markazlarining dam olishga ehtiyoji boʻladi. Uyqu charchoqni ketkazadi va uygʻonganimizda oʻzimizni tetik his qilib, yana ishlarga tayyor boʻlamiz.

Baʼzi olimlarning fikriga koʻra, biz qon tomirlarining torayishi va kengayishini tartibga soluvchi, vazomotor markaz deb ataladigan nerv markazlaridan birining charchashi sababli uxlab qolamiz. Bu charchoq oqibatida qon tomirlari qon taʼminotini qisman toʻsib qoʻyadi va uxlab qolamiz. Bu markaz oʻziga kerakli qon zaxirasini tiklaganida esa biz uygʻonamiz. Uyqu va uygʻonishning yana bir nazariyasi bu hodisalarni umuman boshqacha talqin qiladi.

Bu nazariyaga koʻra, miyamizning pastki qismida qandaydir bir “bedorlik markazi” mavjud. Bizning aqliy faoliyatimiz va his-tuygʻularimiz kun boʻyi tegishli signallarni yuborib, bu markazni ragʻbatlantirib turadi. Miyadan bu markazga signallar kelib turgan davrda bedor boʻlishda davom etamiz. Bu signallarni yetkazib berish toʻxtaganida, biz uxlab qolamiz.

Aytaylik, uxlayotganimizda ovqatlanishni istab qoldik, sovqotdik, aksincha, isib ketdik yoki qalbimizda qoʻrquv hissi kabi kuchli tuygʻu paydo boʻldi. Bunday holatlarda bedorlik markaziga taʼsir koʻrsatiladi va biz uygʻonamiz. Ammo unutmangki, turli odamlarga uyqu uchun turlicha vaqt talab qilinadi. Bu yosh, tana ahvoli, ish faoliyati xususiyatlari va hatto individual uyqu odatlariga bogʻliq. Kattalarga uygʻonganida oʻzini tetik va yangi ish kuniga tayyor ekanini his qilishi uchun yetarlicha uyqu kerak.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!