Tush bashorat qiladimi?

Agar turli vaqtlarda turli xalqlar orasida boʻlgan tushlar bilan bogʻliq barcha xurofotlar tavsifini toʻplashga harakat qilsak, ular bilan butun bir kutubxonani toʻldirish mumkin. Bu xurofotlarning aksariyati tushlarga maʼlum bir mazmun, shu jumladan, bashorat maʼnosini beradi. Tushlar kelajakni bashorat qilishiga ibtidoiy odamlar ham ishongan. Yevropada odamlarning tushiga koʻra ularning kelajagini bashorat qila olishini daʼvo qilgan bashoratchilar boʻlgan. Kamiga, qadimgi davrlarda tush orqali kelajakni aniqlash fanning oʻziga xos turi boʻlib, “oneyromantiya” deb atalgan. Bu nom “tush” maʼnosini anglatuvchi yunoncha “oneyros” soʻzidan kelib chiqqan.

Albatta, koʻpchilikka Tavrotdan Iosif firʼavnning tushlarini talqin qilgani haqidagi hikoya maʼlum. Hatto bugungi kunda ham kelajagini goʻyo tushlar asosida aniqlashiga yordam beradigan, “tush taʼbiri”ni sotib oladigan odamlar borligini ham bilamiz. Ilm-fan esa tushlarning mazmuni haqida nima deb oʻylaydi? Nega tushimizdagi aynan shu narsalarni koʻramiz va bu nimani anglatadi? Avvalambor, ilm-fan tush kelajagimizni bashorat qilishda yordam beradigan, koʻkdan kelgan “xabar” degan taxminni rad etishini aytib oʻtishimiz kerak.

Tushlarimizning mazmuni turli manbalarga ega. Siymolar uyqu paytida bizga taʼsir qiladigan baʼzi tashqi, masalan, begona tovushlar, oyoq muzlashi yoki shabada esayotganini his qilish kabi omillar taʼsirida paydo boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, tushlardagi tasvirlar manbai bizning xotiralarimiz, qiziqish yoki boshdan oʻtayotgan ayrim kuchli ehtiroslar boʻlishi mumkin. Baʼzan tushlar bir vaqtlar biz bilan sodir boʻlgan voqealarni deyarli aniq takrorlaydi.

Boshqa hollarda esa haqiqiy voqealar tushda oʻzgaradi. Ammo tushimizning mazmuni kelajakdan alomat emas, balki oʻtmishdan xotiralarimiz natijasidir.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!