20.02.2024
Qaysi birimiz oʻngimizda tush koʻrmaganmiz? Bu hodisa yoqimli taassurotlardan xoli emas. Bunda gʻayrioddiy biror narsa, masalan, buyuk gʻalabadan zavqlanish, oʻzimiz uchun muhim narsani oxiriga yetkazish, orzu qilgan narsamizga erishganimizni koʻramiz. Odatdagi tushlar kechasi uxlayotganimizda roʻy beradi, oʻngdagi tush esa faqat bedor paytimizda paydo boʻladigan tush shakli. Ular orasidagi farq mana shu. Axir bu ikkala hodisa ham odam atrofida sodir boʻlayotgan voqealar uning uchun mavjud boʻlmagan darajada boʻshashgandagina sodir boʻladi. Bu holatda uning xayollari istalgan joyga ketib qolishi mumkin. Shu sababli tushlarning ikkala turida ham koʻpincha gʻalati odamlar, hayvonlar oʻrtaga chiqadi yoki haqiqiy hayotda boʻlmagan holatlar paydo boʻladi.
Uxlayotgan odam oʻz fikrlar parvozi ustidan nazoratni deyarli butunlay yoʻqotgani uchun tungi tushlar chindan ham oʻngdagi tushlarga qaraganda gʻayrioddiy va haqiqatdan ancha yiroqdir. Shunisi qiziqki, bolalarda oʻngdagi tushning kattalarda uchramaydigan ikki xil turi — “xayoliy doʻst” va “asrandi” haqidagi tushlar roʻy beradi. Birga oʻynashga doʻsti boʻlmagan bola oʻzi uchun bunday doʻstni oʻylab topishi mumkin. Boshqa bola oʻzini oddiy odam emas, balki shahzoda yoki malika, ota-onasi esa qirol va qirolicha ekanini tasavvur qilishni yoqtirishi mumkin. Bunday bola asrab olingan ota-onasi bilan yashayotgani va aslida tomirlarida qirol qoni oqayotgani haqida oʻngida tushlar koʻra boshlaydi.
Bularning barchasidan xulosa qilish mumkinki, oʻngimizdagi tushlar aslida bizga kerak boʻlgan yoki xohlagan narsani ifodalaydi. Tungi tushlarimiz odatda nafaqat bularni, balki bizni qoʻrqitadigan narsalarni ham ifodalaydi. Ikkala holatda ham tush “chetdan” keladigan narsa emas, balki inson ichki dunyosi — uning istak, ehtiyoj, qoʻrquv, xohish va boshqalarning ifodasi. Tush ularga tashqariga chiqish imkoniyatini beradi. Oʻngdagi tushlar odamga oʻzi xohlagan, ammo haqiqiy hayotda mahrum narsani berishi mumkin. Baʼzi hollarda ular odamga haqiqiy hayotda ham oʻz harakatlarini rejalashtirishda yordam beradi.
Tungi tushlar odamning orzularini roʻyobga chiqarish orqali haqiqiy hayotdagi muammolarni unutishga koʻmak berib, unga hordiq chiqarganiga qadar uxlashga yordam beradi. Tush bu — oʻzingizga aytadigan narsa. Agar tush biron-bir mazmunga ega boʻlsa, unda bu faqat uni koʻrgan odam uchundir.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.