20.02.2024
Vaqtning biz foydalanadigan ikkita asosiy birligi — sutka (bir kecha-kunduz) va yil. Ularning ikkalasi ham Yerning aylanishi bilan belgilanadi. Yerning oʻz oʻqi atrofida aylanishi bizga Quyosh sutkasini beradi. Uning Quyosh atrofida aylanishi natijasida esa Quyosh yili hosil boʻladi. Quyosh sutkasi yigirma toʻrt soatga boʻlinadi. Soat oltmish daqiqaga, daqiqa esa oltmish soniyaga boʻlinadi. Shunga qaramay, Quyosh sutkasining uzunligi oʻzgaradi.
Buning sabablaridan biri, Yerning Quyosh atrofida aylanish tezligining oʻzgarishidir. Ammo Quyosh sutkasi baʼzan yigirma toʻrt soatdan uzunroq yoki qisqaroq boʻlishiga qaramasdan, biz kunning oʻrtacha davomiyligini yigirma toʻrt soat deb hisoblashimiz mumkin. Yerdagi geografik nuqtalarni topishni osonlashtirish maqsadida odamzod uni meridianlar — qutbdan qutbga oʻtuvchi aylanalar yordamida belgi qoʻygan. Ayni meridiandagi joylar bir xil Quyosh vaqtiga ega. Har bir meridian uchun Quyosh vaqti farqi bir soatga teng.
Angliyaning Grinvich shahri boʻylab 0 raqamli meridian oʻtadi va u boshlangʻich meridian deb ataladi. Bu Grinvichdan sharqda yoki gʻarbda joylashgan deb belgilanadigan boshqa barcha meridianlar uchun sanoq boshidir. Butun Yer boʻylab astronomik vaqt Grinvichdagi oʻrtacha Quyosh vaqtiga taqqoslanadi. Grinvich rasadxonasi astronomlari oʻz soatini Quyosh yoki maʼlum bir yulduz bilan taqqoslaydi. Ular vaqt aniqligini Quyosh yoki yulduz meridianni kesib oʻtganda tekshiradi.
Vaqt aniqligi boshqa mamlakatlar rasadxonasida ham kuzatiladi. Ular aniq vaqt signallarini radio orqali uzatadi. AQShda aniq vaqtni Vashingtonda joylashgan Navigatsiya rasadxonasi belgilaydi. Aniq vaqtni aniqlash uchun maxsus soatdan foydalaniladi. Bu rasadxonada elektr mexanizmi ishini kvars kristali tebranishlari nazorat qiladigan soatlar ishlatiladi. Bu soatning kunlik xatosi soniyaning atigi 1/500 qismini tashkil qiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.