20.02.2024
Aniq vaqt soʻralganda, inglizlar raqamlarga lotin alifbosining ikkita harfi — A. M. yoki P. M. qoʻshimchasini qoʻshib aytadi va bu peshindan oldingi yoki keyingi vaqtni anglatadi. Bu harflar ortida qaysi lotin soʻzlari yashiringani va ular nimani anglatishini bilasizmi? Maʼlumki, Yerning aylanishi natijasida Quyosh va boshqa samoviy jismlar osmon boʻylab harakatlanayotgandek tasavvur paydo boʻladi. Shuningdek, quyosh sharqda koʻtarilganda kun boshlandi va gʻarbda botganda tugadi deymiz. Quyoshning bu ikki holat oʻrtasiga kelib, osmonning qoq markazida boʻlgani esa kunning yarmi oʻtganini anglatadi.
Ibtidoiy odamlar ham quyoshning osmondagi holatiga koʻra kunning vaqtini aniqlay olgan. Kechasi esa bu yulduzlarning osmondagi vaziyatiga qarab amalga oshirilgan. Vaqtni aniqlash uchun peshin qachon boʻlishini (yoki boʻlib oʻtganini) aniq bilish juda muhimdir. Qayerda boʻlishimizdan qatʼi nazar, har birimiz uchun peshin —quyosh tik tushib turgan vaqt. Ufqda shimoliy nuqtadan boshlanib, osmonning yuqori nuqtasi orqali janubiy nuqtagacha boʻlgan xayoliy chiziq — meridianni tasavvur qiling. Quyosh sizning bu meridianingizni kesib oʻtganda, peshin boʻladi. Quyosh meridianning bu chizigʻidan sharqda boʻlganda, hali peshindan oldingi vaqt boʻladi.
Quyosh bu meridianni kesib oʻtgandan soʻng peshindan keyingi vaqt boshlanadi. Lotin tilida peshin “meridies” deb ataladi va meridian ushbu soʻzdan kelib chiqqan. A.M. qisqartmasi “ante meridiem” deb talqin qilinadi va bu peshindan oldin, P.M. esa “post meridiem”, yaʼni peshindan keyin degan maʼnoni anglatadi. Yerning har bir vaqt mintaqasi oʻn besh daraja uzunlikka ega boʻlib, bu quyoshning osmon boʻylab bir soat ichida bosib oʻtadigan masofasiga teng.
Bir xil vaqt mintaqasida yashovchi barcha peshin kelganini bir vaqtda kuzatadi. Shuning uchun bir vaqt mintaqasidan ikkinchisiga oʻtganingizda, mintaqaviy vaqt bir soatga oʻzgaradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.