Nega oylardagi kunlar soni har xil?

Yilni vaqt birligi sifatida qabul qilgan va uni taxminan teng qismlarga boʻlgan birinchi odamlar qadimgi misrliklar boʻlgan. Ular Oyning har 29–30 kunda paydo boʻlishiga asoslangan Oy (oylik) taqvimini yaratgan. Ammo bu taqvim unchalik aniq boʻlmagan.

Rimliklar ham Oy taqvimini qabul qilgan va uni Quyosh yili bilan muvofiqlashtirish uchun qoʻshimcha oylar qoʻshishi kerak edi. Oxir-oqibat Yuliy Sezar Quyosh yili 365 kundan iborat boʻlgan taqvimni tasdiqlagan. Taqvimning aniqligini oshirish maqsadida yilni tashkil etadigan ayrim birliklar — oylarga baʼzi oʻzgartirishlar kiritilgan. Sezar va boshqa Rim imperatorlari tomonidan oylarga taalluqli quyidagi oʻzgartirishlar amalga oshirilgan.

Yanvar ilgari 11-oy hisoblanib, 29 kundan iborat boʻlgan. Sezar uni yilning birinchi oyiga aylantirib, kunlar sonini 31 ta qilib belgilagan. Uning taqvimidagi fevral oyida 29 kun, kabisa yilida esa 30 kun boʻlgan. Imperator Avgust oʻsha oydan bir kunni olib, uning sharafiga avgust deb nomlangan oyga qoʻshgan. Mart oyidagi kunlar soni esa har doim 31 ta boʻlgan.

Aprelda oy taqvimiga koʻra 29 kun boʻlgan. Sezar unga yana bir kun qoʻshib, kunlar sonini 30 taga yetkazgan.

May oyida har doim 31 kun boʻlgan va u oʻzgarishsiz qolgan.

Sezar 29 kundan iborat iyun oyiga ham bir kun qoʻshib, 30 kun qilgan.

Iyulning (bu oy Yuliy Sezar sharafiga nomlangan) davomiyligini u 31 kun qilib belgilagan.

Oy taqvimida 29 kundan iborat boʻlgan avgust oyini Sezar 30 ga yetkazgan. Bu oyni oʻz nomi bilan atagan imperator Avgust Yuliy Sezar nomi bilan atalgan iyulga tenglashtirish uchun unga fevral oyidan olib qoʻyilgan yana bir kunni qoʻshgan.

Sezar oy taqvimidagi 29 kundan iborat sentabr oyini 31 kun qilib belgilagan. Ammo Avgust uni 30 kun qilib qisqartirgan.

Yuliy taqvimida 30 kun boʻlgan oktabr Avgust tomonidan 31 kun qilib belgilangan.

Imperator Avgust Yuliy taqvimidagi 31 kunlik noyabr oyini esa 30 kun qilib qisqartirgan.

Dastlab dekabr oyida 29 kun boʻlgan, Sezar uni 30 kun qilgan, keyinchalik Avgust yana bir kun qoʻshib, ularning sonini 31 taga yetkazgan. Taqvim qulay boʻlishi uchun yildagi kunlarning umumiy soni 365 kun boʻlishi kerakligi hisobga olinishi kerak. Koʻrib turganingizdek, oylardagi kunlar soni ixtiyoriy ravishda avval Yuliy Sezar, keyinchalik esa Avgust tomonidan belgilangan. Biz taqvimni rimliklardan olganmiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!