20.02.2024
Odatda soatlar reklamasida sifat kafolati tariqasida ulardagi toshlar soni taʼkidlab oʻtiladi. Bu toshlar nima va soatga ularning nima keragi bor? Aniq vaqtni koʻrsatadigan va muntazam ravishda buzilmaydigan soat (qoʻl, devor va boshqa) bizga doim kerak. Soat oʻrtacha 211 ta turli xil qismdan iborat, juda murakkab mexanizmdir.
Keling, soat ishini nima taʼminlashi va toshlar unda qanday rol oʻynashini koʻrib chiqaylik. Soat ishlashi uchun zarur boʻlgan mexanik energiyani tekislangan holatda uzunligi taxminan 60 sm boʻlgan, oʻralgan poʻlat tasmadan iborat asosiy prujinadan oladi. Soatni buraganimizda, bu prujina zich oʻraladi. Energiya asosiy prujinadan tishli uzatma deb ataladigan gʻildirakchalar tizimi orqali balans (muvozanat) gʻildirakka uzatiladi. Bu gʻildirak tizimi soat millarini siferblat boʻylab harakatga keltiradi.
Qoʻl soatidagi balans devor soatidagi mayatnik bilan bir xil vazifalarni bajaradi. Bu soatning “yuragi” boʻlib, uning ishini tartibga soladi. Balans ichida soch kabi ingichka poʻlat simdan halqa shaklida oʻralgan prujina mavjud. Kerakli markadagi yarim kilogramm poʻlatdan 12 kilometr uzunlikdagi bunday sim yasash mumkin. Balansning chetida poʻlat yoki oltindan yasalgan mayda murvatlar bor. Ularning holati va ogʻirligi soat millari tezligini tartibga soladi. Ular shunchalik kichikki, oddiy angishvonaga naq 20 000 ga yaqin murvatlar sigʻishi mumkin. Shuningdek, soatda balansga biriktirilgan, harakatga keltiruvchi gʻildirak ham bor. U harakatni tartibga soladi va biz chiqillash deb ataydigan tovush aynan undan chiqadi.
Biz soat mexanizmida doimiy ravishda harakatlanadigan turli xil gʻildiraklarni sanab oʻtdik. Ular oʻqlarda joylashgan boʻlib, gʻildiraklarning doimiy harakati ishqalanishni keltirib chiqaradi. Ishqalanish natijasida yuzaga keladigan yeyilishning oldini olish maqsadida oʻqlar yoqut, sapfir yoki laʼl kabi jajji qimmatbaho toshlarga oʻrnatiladi. Aynan ular soat toshlaridir. Toshlar qanchalik koʻp boʻlsa, ishqalanish kuchi taʼsirida soatning harakatlantiruvchi qismlarining yeyilishi va soatning orqada qolish ehtimoli shunchalik kam boʻladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.