Birlamchi ranglar nima?

Quyosh nurini shisha prizma orqali oʻtkazib, uning turli ranglardan iborat spektr deb ataladigan kamalakka aylanishini koʻrish mumkin. U oq deb ataladigan yorugʻlikni birgalikda hosil qiladigan barcha ranglardan iborat. Ammo unda olti yoki yetti rangni koʻrsangiz ham oq yorugʻlik nuri aslida uchta asosiy rangdan iborat. Ularni boshqa ranglarni birlashtirish yoʻli bilan hosil qilib boʻlmagani sababli bu ranglar birlamchi deb ataladi.

Asosiy ranglar sabzirang-qizil, yashil va binafsha-moviyrang hisoblanadi. Biz spektr kamalagida koʻradigan boshqa ranglar birlamchi ranglarning birikmasidir. Hatto oddiy koʻz bilan spektrga qarab, ikkilamchi deb ataladigan uchta aralash rang — yashil-moviy, sariq va qizil rangni bemalol koʻrish mumkin. Ularni birlamchi ranglarni maʼlum kombinatsiyalarda aralashtirish orqali hosil qilish mumkin. Ammo unutmang, biz yorugʻlik haqida gapiryapmiz. Rasm solish uchun boʻyoqlar qattiq moddalardir, yaʼni yorugʻlik ranglarining aksidir. Ikkilamchi yorugʻlik ranglari boʻyoqlarning birlamchi ranglaridir. Bu esa sariq, yashil-moviy va qizil boʻyoqlar uchun birlamchi ranglar ekanini anglatadi. Bu boʻyoqlarni aralashtirib, boshqa ranglarni hosil qilish mumkin.

Boʻyoqlarni tasniflashning boshqa koʻplab usullari mavjud. Qora yoki oq ranglarsiz olingan yorqin ranglar sof ranglar deb ataladi. Sariq, qizil, moviy va yashil sof ranglardir. Sof ranglarni qora rang bilan aralashtirish natijasida hosil qilingan ranglar rangli tuslar deb ataladi. Toʻq jigarrang rangli tusdir. Sof ranglarni oq rang bilan aralashtirish natijasida hosil qilingan ranglar nimrang deb ataladi. Pushti, fil suyagi bu — nimranglar. Sof ranglarni qora va oq bilan aralashtirish natijasida hosil boʻlgan ranglar och tuslar deb ataladi. Qizgʻish-jigarrang, sargʻish va kulrang och tuslardir.

Rang haqida yana bir qiziqarli fakt. Sizningcha, qutini ochishingizdan oldin qizil boʻyoq qanday rangda boʻladi? U qizil emas, balki qora boʻladi. Bu yorugʻlik boʻlmagan joyda rang ham boʻlmasligi bilan bogʻliq. Qorongʻi xonada rang degan narsa boʻlmaydi. Buyumning rangi u yasalgan material va biz uni koʻrayotgan paytimizdagi yorugʻlikka bogʻliq, masalan, toʻq sariq-qizil rangli sviter jun gazlamasining boʻyogʻi yorugʻlik spektrining toʻq sariq-qizil qismini aks ettirgani uchun ham bizga shu rangda koʻrinadi. Spektrning binafsha-moviy va yashil qismlari sviter materiali tomonidan yutiladi. Faqat toʻq sariq-qizil nurlar aks etadi va biz ularni koʻramiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!