20.02.2024
Baʼzi narsalar ushlab koʻrilganda issiq, boshqalari esa sovuq tuyuladi. Baʼzida havo qizib ketgandek, baʼzan esa salqin boʻlib koʻrinadi. Nega bunday? Zamonaviy nazariyaga koʻra, issiqlik molekula va atomlarning harakati natijasida hosil boʻladi. Masalan, havoni tashkil etgan molekulalar bir-biriga va yoʻlida uchragan turli narsalarga urilib, erkin harakatlana oladi. Shunday qilib, bu molekulalar tezroq yoki sekinroq harakatlanishi mumkin. Agar ular tez harakatlansa, havo harorati yuqori va havo issiq deymiz. Agar ularning harakati sekinlashsa (sovuq kunda boʻlgani kabi), havo sovuq ekanini his qilamiz. Suyuq va qattiq moddalarga kelsak, ulardagi atom va molekulalar erkin harakatlana olmasa ham oʻz harakatini tezlashtira oladi.
Masalan, temirdan yasalgan issiq kubda atomlar sekundiga millionga yaqin harakat qiladi, yaʼni ular juda tez harakatlanadi. Bu kubga barmoq uchi bilan teginib, tez harakatlanayotgan temir zarralari teri molekulalari bilan birdan va kutilmaganda tutashganda, bu harakat unga ham oʻtgani tufayli ogʻriqni his qilish mumkin. Molekulalar haqiqatan ham harakatlanadimi? Koʻplab tajribalar buni toʻliq tasdiqlaydi.
Darhaqiqat, mikroskop ostida bir tomchi suvdagi mayda materiya zarralari millionlab koʻrinmas harakatlanuvchi molekulalarning zarbi ostida doimiy ravishda titrayotganini koʻrish mumkin. Muzning erish haroratida kislorod molekulasining oʻrtacha tezligi sekundiga 420 metrga teng, vodorod molekulasiniki esa undan toʻrt baravar tezroq. Oʻn besh kub santimetr hajmdagi havoda har soniyada minglab milliard molekulalar toʻqnashuvi sodir boʻladi. Issiqlik va harorat bir narsa emas. Jismdagi issiqlik energiyasi uning molekula va atomlari harakatining energiyasiga bogʻliq. Issiqlik miqdori kaloriyalarda oʻlchanadi.
Kaloriya bir gramm suv haroratini Selsiy boʻyicha bir darajaga oshirish uchun zarur boʻlgan issiqlik miqdoriga teng. Jismning harorati esa bu issiqlik energiyasi uni qay darajada yoki qancha darajaga qizdirganini koʻrsatadi. Mumkin boʻlgan eng past harorat Selsiy boʻyicha 273 daraja sovuq. Olimlarning fikriga koʻra, bu haroratda molekulalar harakatlanishdan toʻxtaydi, yaʼni harakatsiz holatga keladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.