Olov nega qaynoq?

Bu savolga javob olovning tavsifidir. Olov alangalanish —issiqlik va yorugʻlik ajralib chiqadigan, tez kechuvchi reaksiya bilan birga keladi. Olov deb ataladigan hodisani keltirib chiqaradigan kimyoviy reaksiyalarning bir nechta turi mavjud. Eng keng tarqalgani — kislorod va yoqilgʻi oʻrtasidagi reaksiya. Agar bu reaksiya natijasida issiqlik va yorugʻlik ajralib chiqsa, olovga ega boʻlamiz. Olov yoqish uchun uchta narsa kerak.

Birinchisi —yoqilgʻi, ikkinchisi — kislorod. Yoqilgʻi tezda kislorod bilan birlasha boshlaydi. Oʻchoqda oʻtin yoki plitada gaz yonganida, yoqilgʻi va havodagi kislorod oʻrtasida oʻzaro kuchli taʼsir sodir boʻladi. Olov yoqish uchun kerakli uchinchi narsa bu — issiqlik. Qogʻoz yoki yogʻoch shunchaki havo taʼsiridan yonmaydi. Odatda buning uchun yoqilgan gugurt kerak. Qogʻoz yetarlicha qizigach, kislorod u bilan faol reaksiyaga kirisha boshlaydi va qogʻoz alanga oladi.

Har bir yoqilgʻi turi faqat maʼlum bir haroratda yonishi mumkin. Bu uning alangalanish harorati deb ataladi. Yonayotgan gugurt yordamida alangalanish haroratiga qadar qizdirilgan yogʻoch tayoqchani tasavvur qiling. U butunlay alanga olmaydi. Buning sababi shundaki, kislorod butun tayoq bilan emas, faqat issiqlik taʼsirida gazsimon moddaga aylanadigan uning yuqori qatlami bilan taʼsirlashadi. Qizish davom etgani sababli havodagi gaz zarralari va kislorod juda tez harakatlanadi. Bunday sharoitda gaz va kislorod zarralari juda oson va tez birlashadi. Issiqlik va yorugʻlik ajralib chiqadi, biz olovga ega boʻlamiz.

Yonishning ayrim turlari hech qanday yorugʻlik chiqarmaydi. Yoqilgʻi kislorod bilan sekin reaksiyaga kirishganda, faqatgina issiqlik ajralib chiqadi. Masalan, bu temirni zang bosayotganda sodir boʻladi. Zanglash — yonishning juda sekin shakli boʻlib, bu jarayon natijasida ajralib chiqqan issiqlikni hatto sezib boʻlmaydi. Olov esa tez yonish yoki alanga olish boʻlib, alangalanish paytida ham issiqlik, ham yorugʻlik ajralib chiqadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!