20.02.2024
Termometr simob bilan toʻldirilgan ingichka naychadan iborat boʻlishi biz uchun shunchalik tabiiy holga aylanganki, bu naycha ichidagi simob nega kerakligi, yaʼni bu qurilma qanday ishlashi haqida kamdan kam hollarda oʻylaymiz. Termometr shunchaki issiqlik miqdorini oʻlchaydigan asbobdir. Uning ishlash prinsipi issiqlikning turli xil moddalarga taʼsir qilib, ularni oʻzgartirishiga asoslangan. Biz moddada sodir boʻlayotgan oʻzgarishlarni kuzatib, bu maʼlum miqdordagi issiqlik taʼsirida sodir boʻlgan deb hisoblaymiz. Harorat koʻtarilishi simobga juda tez taʼsir qilgani uchun termometrlarda bu modda ishlatiladi. Bu materialning kengayishi bir tekisda sodir boʻladi va bu juda aniq koʻrinadi.
Zamonaviy simobli termometrlarda issiqlik simobning kengayishiga olib kelib, uning bir tomonini tor shisha naycha ichida yuqoriga koʻtara boshlaydi va termometrdagi shkala uning qanchalik baland koʻtarilganini koʻrsatadi. Masalan, spirt ham termometrlarda ishlatilishi mumkin. Ammo undan foydalanish muayyan muammolarni keltirib chiqaradi. Spirt oson qaynagani uchun yuqori haroratni oʻlchashda undan foydalanib boʻlmaydi. Lekin juda past haroratni oʻlchashda u juda qulay. Termometrlarning suyuqlik umuman ishlatilmaydigan boshqa turlari ham mavjud. Masalan, suyuqlik oʻrniga ikkita metall ishlatiladi. Temir va jez (mis hamda rux qotishmasi) plastinalar birlashtirilib, prujina holida oʻraladi. Bu prujinaning uchi mahkamlanadi, ikkinchi uchiga esa erkin harakatlana oladigan strelka-koʻrsatkich oʻrnatiladi. Harorat oʻzgarishi taʼsirida bu metallar turlicha kengayadi va qisqaradi.
Harorat oʻzgarganida prujina oʻraladi va chuvaladi, bu harakatlar esa koʻrsatkichni yumaloq darajalarga boʻlingan shkala boʻylab harakatga keltiradi. Koʻrsatkichga yozuvchi moslamani biriktirib, termometrni esa aylanadigan qogʻoz tasma bilan jihozlab, uzoq vaqt davomida harorat oʻzgarishi haqidagi maʼlumotlarni qayd etadigan termometrga ega boʻlamiz.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.