20.02.2024
Gazeta yoki kitoblarda baland togʻlar tilga olinganda odatda metrlarda ularning aniq balandligi aytiladi. Odamlar togʻning aniq balandligini qanday bilishi mumkin, ayniqsa, hali hech kim unga koʻtarilmagan boʻlsa? Bu uzoq vaqtdan beri yerni oʻlchovchilar yoki hozir geodezistlar deb ataladigan kishilar tomonidan qoʻllanadigan eng qadimgi usullardan biri yordamida amalga oshiriladi. Geodeziya — qurilishning bir sohasi. Bu yer yuzasining istalgan qismining shakl va oʻlchamlarini aniqlash bilan bogʻliq.
Geodezik suratga olishning har xil turi mavjud, ammo ularning barchasi “triangulyatsiya” nomi bilan maʼlum usulga asoslangan. Geometriya bilan shugʻullanganda, har qanday uchburchakning bir tomoni va ikki burchagini (yoki ikki tomoni va bir burchagini) aniqlab, uning boshqa barcha parametrlarini ham hisoblab chiqish mumkinligini bilib olasiz. Bu usul oʻlchanadigan maydon bir yoki ming gektar boʻlishidan qatʼiy nazar oʻzgarmaydi. Nima boʻlganda ham jarayon tomonlardan birini zanjir, poʻlat sim yoki shunga oʻxshash biror narsa bilan oʻlchashdan boshlanadi. Olingan natija uchburchakning tomonlaridan biriga aylanadi va odatda bu bir xil darajadagi ikkita tabiiy oriyentir orasidagi tekis joydir.
Keyin uchinchi oriyentir tanlanadi va u uchburchakning choʻqqisiga aylanadi.
Keyin u bilan birinchi oʻlchangan chiziqning har bir uchi orasida hosil boʻlgan burchaklar oʻlchanadi. Natijada yuqorida tavsiflangan uchburchakning maydonini oʻlchash uchun zarur boʻlgan barcha shartlarga (bir tomon va ikkita burchak) ega boʻlamiz.
Burchaklarni oʻlchash moslamasi transportir deb ataladi. Uchburchakning maydoni maʼlum boʻlganidan soʻng butun maydon oʻlchab chiqilganiga qadar butun yer uchastkasini uchburchaklarga boʻlishda davom etiladi.
Transportir bilan burchaklarni nafaqat gorizontal, balki vertikal boʻyicha ham oʻlchash mumkin. Bu jarayonni amalga oshirishda qoʻllanadigan asbob negizida gorizontal yuza qanchalik tekis ekanini aniqlaydigan vaterpas (nivelir) yotgani uchun bu nivelirlash deb ataladi. Nigohni togʻning istalgan nuqtasiga qaratib, burchaklarni gorizontal darajada oʻlchashda qoʻllanadigan usuldan foydalanish orqali togʻning balandligi boʻladigan tomonlardan birini hisoblash mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.