Akvalang qanday tuzilgan?

Akvalang — dengizning chuqur joylariga shoʻngʻish uchun moʻljallangan zamonaviy qurilma. U gʻavvosga kemadan yetkazib beriladigan havoga bogʻliq boʻlmagan holda suv ostida nafas olishga imkon beradi. Akvalangchi — oʻz havo zaxirasini orqasiga bogʻlangan holda olib yuradigan erkin gʻavvos. Havo zaxirasi akvalangning bitta (yoki undan koʻp) poʻlat ballonida siqilgan holatda boʻladi. Ballon klapanidan chiqqan naychaning ikkinchi uchida gʻavvos uni tishlari bilan qisib ushlab turishi mumkin boʻlgan moslama bor. Burun niqob bilan yopiladi va akvalangchi faqat ogʻzi bilan nafas oladi. Orqasidagi akvalangi va suv ostida ushlab turadigan maxsus ogʻir kamar yordamida kishi baliq kabi deyarli erkin suza oladi.

Suzish vaqtida kamera yoki garpunni ushlash uchun qoʻllarni boʻshatish maqsadida oyoqlarda katta lastlardan (suvda suzish uchun ikki oyoq uchiga kiyiladigan moslama) foydalaniladi. Agar chuqurroq shoʻngʻimasa, akvalangist suv ostida yarim soat yoki undan ham koʻproq qolishi mumkin. Ammo eng zamonaviy akvalang ham yuz metrdan chuqurroq shoʻngʻish imkonini bermaydi. Bunday chuqurlikda suv qatlami yer yuzasidagiga qaraganda oʻn baravar koʻproq bosim oʻtkazadi. Ballondagi havo oʻn baravar tezroq sarflanadi, shuning uchun hatto juda katta ballondagi zaxira ham atigi bir necha daqiqaga yetadi.

Juda katta chuqurlikka shoʻngʻish bilan bogʻliq yana bir muammo bor. Ballonlardagi siqilgan havo ham atmosfera havosi singari beshdan toʻrt qismi azot va beshdan bir qismi kisloroddan iborat. Tanamizdagi hayotiy jarayonlar uchun bizga kislorod kerak. Odatda nafas bilan olingan azotni darhol nafas bilan chiqaramiz. Ammo yuqori havo bosimi ostida azotning bir qismi qon va toʻqimalarda eriydi.

Akvalangchi yuqoriga koʻtarilayotganida azot uning qon va toʻqimalaridan chiqib ketishi kerak. Agar azot oʻpka orqali tanani yetarli darajada tez tark eta olmasa, u tanada kichik pufakchalarga aylana boshlaydi. Pufakchalar asablarni siqib, qon tomirlarini toʻsib qoʻyadi va akvalangchida dahshatli ogʻriqlar bilan kechadigan kesson kasalligi boshlanadi. Kesson kasalligining ogʻir holatlari natijasida odam oʻlishi yoki umrbod nogiron boʻlib qolishi mumkin. Shuning uchun akvalangist 60 metrdan 100 metrgacha chuqurlikka tushgan boʻlsa, suv yuzasiga juda sekin koʻtarilishi kerak. Koʻtarilish paytida u tez-tez toʻxtab olishi kerak.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!