20.02.2024
Fransuzcha “kutyure” soʻzi ayollar uchun nafis kiyim modellarini ixtiro qiladigan va ishlab chiqadigan odamni anglatadi. Bu odamlar yangi uslub va siluetlarni yaratadi. Ularni modelyerlar deb ham atashadi. Mashhur modelyerlarning ishlarini butun dunyo koʻchirib oladi. Jahon modasining anʼanaviy markazi — Parij. Ammo soʻnggi paytlarda yangi uslublar ishlab chiqilishiga ingliz, shuningdek, AQSh va Italiyaning ayrim modelyerlari katta taʼsir koʻrsatmoqda. Fransuz modelyerlari oʻzlarining barcha yangi uslublarini ommaga namoyish etilganiga qadar sir saqlaydi. Shundan soʻng yangi modellarning suratlari butun dunyo gazeta va jurnallarida paydo boʻladi.
Kiyim xarid qilish va bu sohadagi eng yangi gʻoyalardan boxabar boʻlish uchun Parijga koʻplab mamlakatlardan odamlar tashrif buyuradi. Yanvarda bahorgi modalarni, iyulda esa kuzgi uslublarni koʻrish uchun kelishadi. Kiyim-kechak tikish bilan shugʻullanadigan koʻplab sanoatchilar boshqa mamlakatlardan kelib, taniqli fransuz modelyerlarining soʻnggi modellari asl nusxalarini sotib oladi. Ularni oʻz ustaxonalariga yuborib, ayni nusxasini olishadi va bu modellarni ommaviy tarzda katta miqdorda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishadi. Aynan shuning uchun ham oʻz shahringizda katta pul toʻlamasdan eng soʻnggi uslubdagi narsalarni sotib olishingiz mumkin. Ayrim sanoatchilar Parij uslublaridan oʻz modellarini ishlab chiqishda asos sifatida foydalanadi. Boshqalar esa fransuz modasi gʻoyasidan faqat oʻzlarining asl uslublarini rivojlantirishda foydalanadi.
London nufuzli xalqaro moda markazlaridan biriga aylandi. Britaniyalik modelyerlar yangi uslublarni yaratib, oʻz kolleksiyalarini namoyish etishni boshladi. Bu modellarni sotib olish uchun Londonga butun dunyodan turli moda doʻkonlarining vakillari keladi. Modellar tanlangach, buyurtmani bajarish uchun tikuvchilar ishga kirishadi — kerakli materiallar sotib olinadi va bu kiyimlarni ommaviy ishlab chiqarish boshlanadi. Keyin ularning mahsuloti dunyoning turli shaharlariga joʻnatiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.