20.02.2024
Bugungi kunda ishlatiladigan koʻplab kosmetika mahsulotlari singari turli xil lab boʻyogʻi turi ham kimyoviy laboratoriyalarda ishlab chiqiladi. Uning tarkibiga kiradigan har bir komponentning maʼlum bir vazifasi boʻlib, ularning birikmasi juda murakkab formula bilan tavsiflanadi. Lab boʻyogʻining asosiy tarkibiy qismlari — kanakunjut moyi va turli xil mumli malhamlar. Shuningdek, unga kakao moyi, lanolin, mineral moylar, vazelin va boshqa kimyoviy moddalar qoʻshiladi.
Tabiiyki, lab boʻyogʻiga maʼlum bir rang beradigan boʻyoq moddasi ham muhim tarkibiy qism hisoblanadi. Moy va mumlar birgalikda eritiladi va bu aralashmaga boʻyoq singdiriladi. Keyin butun bu massa yana eritiladi va qoliplarga quyib, qotiriladi. Lab boʻyogʻi lablarga tekkanida yumshab, tekis qatlam hosil qilib surtiladigan shaklda tayyorlanadi. Ayollar kosmetikadan qadim zamonlardan foydalanishni boshlagan. Ehtimol, kosmetikaning vatani Sharq boʻlib, qadimda bu sanʼat Misrda rosa gullab-yashnagan. Kosmetikaning har xil turidan foydalanish u yerda 6 000 yil oldin boshlangan.
Kleopatra davrida kosmetika sanʼati yanada yuksaldi. Oʻsha davrda asosiy eʼtibor koʻzlarga qaratilgan. Qirolicha saroyida ayollar koʻzlarini yashil, koʻz qovoqlari, kiprik va qoshlarini qora rangga boʻyagan. Tirnoq, kaft va oyoqlarini esa xina bilan boʻyashgan. Injilda ayollarning kosmetikadan foydalangani koʻp marta qayd etilgan. Masalan, Iiuy Izreyelga kelganidadan xabar topgan Izabel darhol yuziga oro bergan…
Neron davrida kosmetika va atir Rimda juda keng qoʻllangan. Oʻsha vaqtda mavjud boʻlgan baʼzi kosmetika turlari: terini oqartirish uchun qoʻrgʻoshinli belila (oq mineral boʻyoq) va boʻr, qovoq va kiprik boʻyoqlari, yuz yogʻupasi va lab boʻyogʻi (davrimizdagi lab boʻyogʻining oʻziga xos oʻtmishdoshi), shifobaxsh yuz niqobi sifatida ishlatilgan arpa uni va sariyogʻ, tishlarini tozalashda foydalanilgan pemza (koʻpiktosh). Shuningdek, sochlarni sargʻaytirishda ishlatilgan sovun birikmasi ham boʻlgan.
Taxminan toʻrt yuz yil oldin Angliyada ayollar terini parvarish qilish maqsadida turli xil vannalarni qabul qilgan. Aytishlaricha, Shotlandiya qirolichasi Mariya Styuart sharobda choʻmilgan, oʻsha davrdagi boshqa ayollar esa sutli vanna qabul qilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.