20.02.2024
Krujeva — muayyan naqshlar koʻrinishida ingichka iplardan toʻqilgan hafif, yupqa mato. Krujeva odatda kiyim-boshimizning turli qismlari va kundalik hayotimizda ishlatiladigan buyumlarini bezash uchun ishlatiladi. Uning qoʻlda va mashinada toʻqilgan turlari bor. Chamasi, birinchi krujeva qoʻlda XVI asr oʻrtalarida Italiyada toʻqilgan. Koʻp oʻtmay krujeva Fransiyada ham ishlab chiqarila boshlangan. Hozirgi paytda qoʻlda ishlangan krujeva asosan Italiya va Belgiyada ishlab chiqariladi. Mashinada toʻqilgan krujeva esa asosan Angliya, Fransiya va AQShda ishlab chiqariladi.
Qoʻlda toʻqilgan krujevalar odatda ikki usulda — igna yoki koklyushka (toʻr toʻqiladigan duksimon asbob) bilan toʻqiladi. Krujeva igna bilan quyidagicha toʻqiladi: ostiga mato qoʻyilgan qalin qogʻozga naqsh chiziladi, keyin uzun choklar bilan asos sifatida qoʻshib tikiladi va unda toʻquvchi yagona ipli igna yordamida halqasimon choklar bilan naqsh tikib chiqadi. Ish tugagandan soʻng, toʻquvchi uzun choklarni soʻkib, krujevani qogʻozga chizilgan naqshdan ajratib oladi.
Koklyushka bilan toʻqiladigan krujeva har biri koklyushkaga (gʻaltakka) oʻralgan juda koʻp sonli iplar yordamida tayyorlanadi. Naqsh qogʻozga solinadi va u matoli joʻvaga mahkamlanadi. Keyin krujevani toʻqish vaqtida iplarni joyida ushlab turishi uchun joʻvaga toʻgʻnogʻichlar qadab chiqiladi. Krujeva har bir qoʻldagi ikkita koklyushka bilan toʻqiladi. Ularni bir tarafdan ikkinchi tomonga harakatlantirib, iplarni kesishtirib oʻriladi. Ish ilgarilagan sari toʻgʻnogʻichlar oldinga suriladi.
Shantili krujevasi — koklyushka yordamida toʻr fonida chirmashgan uzum yoki novdalar tasvirlangan krujeva. U koʻpincha kecha liboslari va kelinlarning nafis yopinchigʻini (fata) bezash uchun ishlatiladi.
Klyuni krujevasi — koklyushka bilan toʻqilgan oddiy naqshli krujeva boʻlib, odatda bolalar koʻylaklari, choyshab va yostiq jildlarini bezash uchun ishlatiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.