Kashtado‘zlik nima?

Kashtadoʻzlik bu — matoga choklar bilan bezak berish sanʼati. Bu juda qadimiy sanʼatdir. Ossuriya va fors shaharlari xarobalarida olib borilgan arxeologik qazish ishlari mobaynida kashta tikilgan kiyimlarning qoldiqlari topilgan. Tavrotda qadim zamonlardagi yahudiylarning bayram liboslaridagi kashtalar goʻzalligi tasvirlangan. Oʻrta asrlarda kashtadoʻzlik mashhurlikka erishgan.

Italiya va gollandiyalik buyuk rassomlar gobelenlar (devorga osib qoʻyiladigan suratli gilam yoki dekorativ gazlama) uchun Injil mavzularidagi rasmlar kashtasi tikiladigan gazlamalar chizgan. Aslzoda ayollar oʻzlarining qasrlarida maxsus marosimlar uchun liboslar va cherkov mehrobi uchun yopinchiqlarga soatlab kashta tikkan. Oʻrta asrlarning eng mashhur kashtalaridan biri — Gastings jangi tasvirlangan Bayok gobelenidir. Unda tasvirlangan barcha jangchi, ot, grifon, qaqnus va afsonaviy maxluqlar zigʻir tolasidan tayyorlangan, uzunligi 70 metr va kengligi deyarli 55 santimetr boʻlgan matoga sakkiz xil tusli jun iplar bilan tikilgan.

XIX asrda kashtalar narxi juda oshib, hatto oʻz vaznidagi oltindan ham qimmatroq boʻlgan!

XVIII–XIX asrlarda qizlar tarbiyasiga kashtachilik sanʼatini oʻrgatish ham kiritilgan va bu bilan ular har kuni shugʻullangan. Ular zigʻir tolasidan tayyorlangan matoga turli xil choklarni tushirishni oʻrgangan. Bu tasvirlarda kashta bilan uy, hayvon, raqam, alifbo harflari va hatto sheʼrlar tikilgan. Kashtani tikib tugatgach, qiz unda ismi, yoshi va sanani koʻrsatgan. Har bir mamlakatning oʻziga xos kashtadoʻzlik uslubi boʻlgan. Xitoy va Yaponiyada kashta tikish uchun oltin iplar, ipaklardan foydalanilgan va ular yordamida Damashqning nafis matolariga kashta bilan ajdar, gul, qush va tabiat manzaralari tasviri tushirilgan.

Italiya va Ispaniya kabi havosi iliq mamlakatlarda kashtalarning rang va naqshlari yorqin va quvnoq boʻlgan. Fransiya va Shveysariya kashtalari nafisligi bilan mashhurlik qozongan. Ularning kashtalari koʻpincha oq matoda oq iplar bilan tikilgan. Bolqon mamlakatlarida yorqin naqshlar bilan bezatilgan kiyim va choyshablar avloddan-avlodga meros boʻlib oʻtgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!