Qog‘oz qanday tayyorlanadi?

Qogʻoz millionlab ingichka tolalardan iborat. Bu tolalar turli xil oʻsimliklarning biriktiruvchi toʻqimalaridan olinadigan modda — sellyuloza. Bugungi kunda qogʻoz tayyorlash uchun ishlatiladigan sellyuloza asosan yogʻochdan olinadi. Poʻstlogʻidan tozalangan xoda maydalash yoki kimyoviy moddalar bilan ishlov berish orqali yogʻoch massasiga aylanishga tayyor boʻladi. Yogʻoch massasi tayyorlashning ayrim usullari ham maydalash, ham kimyoviy ishlov berishdan iborat boʻladi. Keyin bu massa chiqindi va kimyoviy moddalardan tozalash uchun elakdan oʻtkaziladi va yuviladi. Soʻng bosilgan yoki yozilgan belgilar yaxshiroq koʻrinishi uchun uni oqartirish mumkin.

Keyingi bosqichda bu massa maxsus mashinada koʻpchitib, suv bilan aralashtiriladi. Koʻpchitish jarayoni tolalarning titigʻini chiqarib, ularni bir-biriga yopishgan, bir xil massaga aylantiradi. Qogʻoz yuzasini yaxshilash, uni yozish va chop etishga yaroqli qilish maqsadida massaga kraxmal, loy va boshqa materiallar qoʻshilishi mumkin. Keyin esa yogʻoch massasi tolalarni tartibga soladigan rafinerga kiradi. Bu bosqichda massaning 99 foizii suvdan va atigi 1 foizi sellyuloza tolasidan iborat boʻladi. Endi u qogʻoz tayyorlash mashinasiga kirishga tayyor. Bu mashinada suv elak orqali massadan chiqib ketadi, soʻngra suv qoldigʻi soʻruvchi nasos yordamida olib tashlanadi.

Elak tebranib, tolalarning bir-biriga yopishishiga yordam beradi. Keyin nam massa uni silliq varaq shaklida presslaydigan dumaloq joʻva (valik) ostidan oʻtadi. Bu varaq undagi suvni siqib chiqarib, qogʻozni zich va silliq qiladigan koʻplab silliqlovchi valiklar ostidan oʻtadi. Shundan soʻng u quritkichlar deb ataladigan bir qator qizdiriladigan silindrlar orqali oʻtgach, bu bosqichda qogʻozni silliq va yaltiroq qilish maqsadida maxsus qoplamalar qoʻshilishi mumkin. Qogʻoz bu mashinalardan katta rulon (oʻram) shaklida chiqadi. Keyin uning gʻadir-budur chetlari kesilib, rulon kerakli kenglikda tekislanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!