20.02.2024
Odatda mixlar yogʻoch boʻlaklarini bir-biriga biriktirish yoki boshqa materiallarni yogʻochga mixlash uchun ishlatiladi. Mix bolgʻa bilan kerakli joyga qoqilib, ishqalanish kuchi yordamida yogʻochda ushlab turiladi. Baʼzi mixlar yaxshiroq ushlab qolinishi uchun gʻadir-budur yuzaga ega. Mixlarning aksariyati qattiq poʻlat simdan mashina yordamida yasaladi. Bunday mashinalar bir daqiqada yuzlab mix yasashi mumkin. Dastavval mashina simni kerakli uzunlikda kesib chiqadi. Keyin u kesilgan boʻlakning bir uchini tekislab, unga qalpoq shaklini beradi. Soʻngida ikkinchi uchini charxlaydi.
Mixning qirrali deb ataladigan ayrim turi qoliplab yoki metalldan kesib yasaladi. Qirrali mixlarning kesimi yumaloq emas, toʻrtburchak shaklga ega. Turli maqsadlarda ishlatilgani bois mixlarning juda koʻp turi mavjud. Turli xil ishlarda foydalaniladigan universal mix oddiy mix deb ataladi. Koʻrinmas boʻlishi uchun mebel ishlab chiqarishda ishlatiladigan duradgorlik mixlari juda kichik qalpoqqa ega.
Tom yopish ishlarida ishlatiladigan mixlar, aksincha, juda katta qalpoqlarga ega. Ular tomga taxtachalar va qoraqogʻozni mixlashda ishlatiladi. Katta qalpoq ingichka materialni yaxshi ushlab turadi va uni mahkamlanish joyida yorilishdan saqlaydi. Baʼzi mixlar ikkita qalpoqqa ega va biri ikkinchisining tepasida joylashgan. Mix birinchi qalpoqqacha qoqiladi. Mixni sugʻurib olish oson boʻlishi uchun ustki qalpoq yuzada qoladi. Ikki qalpoqli mixlar yogʻoch, taxtasupa va boshqa vaqtinchalik inshootlarni bir-biriga mahkamlashda ishlatiladi.
Mixlarning aksariyati poʻlatdan yasaladi. Sement yoki toshlarga qoqish uchun ishlatiladigan mixlar maxsus toblangan poʻlatdan tayyorlanadi. Baʼzi mixlar, masalan, tom yopishda ishlatiladigan mixlar zanglamasligi uchun rux qatlami bilan qoplanadi. Kemalarni qurishda ishlatiladigan mixlar zanglamaydigan boʻlishi kerak. Ular odatda jez yoki bronzadan yasaladi. 15 santimetrdan uzunroq mixlar kostil mixlar deb ataladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.