Press-qolip va quyuv qolipi nima?

Biz kundalik hayotimizda foydalanadigan koʻp narsalar press-qolip va quyuv qoliplari yordamida yasalgan. Press-qolip — taxtalangan metall yoki plastmassadan maʼlum bir shakldagi qismlarni bosib chiqaradigan moslama. Agar yoyilgan xamirdan yulduzcha va yurakchalar shaklidagi pechenyelar kesib olinishini koʻrgan boʻlsangiz, demak, bu qurilma qanday ishlashi haqida elementar tasavvurga egasiz.

Quyuv qolipi — metall, plastmassa va shunga oʻxshash materiallardan turli shakldagi qismlarni quyish uchun mo‘ljallangan moslama. Bu moddalar suyuq holatda ichi boʻsh qolipga quyiladi va qotgunicha unda qoladi. Jele tayyorlash uchun ishlatiladigan qolip quyuv qolipining eng oddiy namunasidir. Press-qoliplar sanoatda boshqa usullar bilan yasash qiyin boʻlgan qismlarni ishlab chiqarishda ishlatiladi. Masalan, avtomobilning bamper va kapot kabi qismlari. Sovutgich tutqichi, radio korpusi, avtomobil radiatori panjarasi kabi qismlarni ishlab chiqarish uchun sanoatda quyuv qoliplari ham qoʻllanadi. Bunday qismlarni anʼanaviy usullar bilan ishlab chiqarish (kesish, egovlab tekislash, burg‘ulash va hokazo) juda koʻp vaqt talab etadi va ancha-muncha material sarflanadi. Press-qolip va quyuv qolipi yordamida ularni pechenye kabi oson va tezda ishlab chiqarish mumkin. Qoliplar murakkab shakldagi buyumlar ishlab chiqarishdan tashqari, katta miqdordagi bir xil qismlarni tayyorlash kerak boʻlganda ham ishlatiladi. Bu usulning yana bir afzalligi shundaki, yasalgan qismlarga ishlov berishga hojat qolmaydi.

Murakkab quymadagi notekislik va gʻadir-budurliklarni yoʻqotish uchun baʼzan tarashlash va silliqlash talab etiladi. Qoliplangan buyumning esa oʻtkir burchaklari arralab tashlanadi. Odatda shakllar ikki qismdan iborat boʻladi. Biriktirilgan holda ular kerakli shaklni hosil qiladi. Quyuv usuli bilan shaklning faqat tashqi qismi yasaladi. Qoliplash bilan ham ichki, ham tashqi qismlarni yasash mumkin.

Qoliplar miloddan avvalgi 650-yilda ishlatilgani va yunon temirchilari ular yordamida kumush tangalarni zarb etganini bilasizmi? Qattiqroq metalldan kesib olingan qolipga kumush boʻlagi qoʻyilgan va u bolgʻa bilan zarba berib pachoqlangan, natijada tangaga qolipdagi naqsh ham oʻtgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!