Ko‘mir energiyani qayerdan olgan?

Keling, koʻmir nima ekanini izohlashdan boshlaylik. Koʻmir — yuz millionlab yillar oldin nam, iliq iqlim sharoitida ulkan botqoqli oʻrmonlarda oʻsgan qadimgi daraxt va oʻsimliklarning qoldiqlari. Nobud boʻlgan daraxt va oʻsimliklar ularni chirishdan saqlaydigan sokin botqoq suvlariga tushgan. Bakteriyalar yogʻochning bir qismini bugʻlanib ketadigan gazlarga aylantirgan va yogʻochdan asosan ugleroddan iborat qora massa qolgan. Koʻmir qatlamlari deb ataladigan narsaning shakllanishi shundan boshlangan.

Vaqt oʻtishi bilan bu qora, xamirga oʻxshash oʻsimlik massasi ustini qalin tuproq va qum qatlami qoplagan. Tuproq va qum oʻz ogʻirligi bilan undan deyarli butun suyuqlikni siqib chiqargan va u qotib, koʻmirga aylana boshlagan. Butun bu jarayon bir milliondan ikki yuz ellik million yilgacha boʻlgan davrda sodir boʻlgan. Materiya uchun energiya, yaʼni ishni bajarish qobiliyati xosdir. Massaga ega boʻlgan va fazoda biror joyni egallagan yerdagi hamma narsa materiyadir. Energiya va materiya koinotni hamda undagi barcha narsalarni tashkil etuvchi ikkita bosh negizdir.

Materiya atomlardan iborat va har bir atomda energiyaga ega zarrachalar mavjud. Energiya atom qismlarini birgalikda ushlab turadi. Materiya energiyaga, energiya esa materiyaga aylanishi va bu cheksiz davom etishi mumkin. Koʻmir energiyasi dastlab quyosh energiyasi boʻlgan. Millionlab yillar oldin oʻsimliklar bu energiyani oʻsishni taʼminlaydigan kimyoviy reaksiyalar uchun ishlatgan, havodagi karbonat angidrid uglerodga, keyinchalik esa koʻmirga aylangan. Bu energiya issiqlik taʼsirida ajralib chiqishi mumkin. Issiqlik atom va molekulalarning tezroq va yanada tezroq harakatlanishga majbur qiladiki, toki ayrim elektronlar ulardan ajralib chiqa boshlaydi.

Koʻmir yonganida issiqlik energiyasi ajralib chiqadi. U koʻmirda har doim potensial energiya deb ataladigan shaklda boʻlgan. Issiqlik koʻmirda saqlangan energiyani ozod qiladi va uni kinetik, yaʼni ish bajaradigan energiyaga aylantiradi. Bu oʻsha dvigatel va generatorlarni biz uchun ishlashga majbur qiladigan energiyadir.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!