20.02.2024
Neft qazib olinishi haqida oʻylaganda, ehtimol, qora neft favvorasi otilib turgan baland poʻlat inshootlarni tasavvur qilsangiz kerak. Ammo bunday neft favvoralari oʻtmishda qoldi. Burgʻilashning zamonaviy usullari tufayli neftning bunday favvora boʻlib otilishi deyarli butunlay bartaraf etilgan. Hozirgi vaqtda neft burgʻilash qurilmalarining koʻplab turi qoʻllanmoqda. Ularning baʼzilari yigirma qavatli bino balandligida, ayrimlari gʻildiraklarga ega, boshqalari esa dengiz tubida quduqlar burgʻilash uchun platforma va barjalarda joylashgan. AQShdagi quduqlarning qariyb 85% i yerga tez aylanadigan burgʻi kiritish orqali amalga oshiriladigan aylanma burgʻilash usulini qoʻllash natijasidir.
Burgʻilanadigan yer turiga koʻra, burgʻining har xil turi mavjud. Burgʻiga qismlar deb ataladigan va har birining ogʻirligi taxminan 200 kilogramm, uzunligi esa 10 metrdan boʻlgan seksiyalardan iborat burgʻilash quvuri biriktiriladi. Poʻlatdan yasalgan yassi chambarak u orqali oʻtib, yerga kiradigan quvurni aylantirib, vertikal holatda ushlab turadi. Quvurning har bir aylanishi bilan unga biriktirilgan burgʻi yerga chuqurroq kirib boradi va unga qoʻshimcha qismlar ulab boriladi. Burgʻilash jarayonida burgʻini sovutish va moylash maqsadida quvurga maxsus suyuqlik yuboriladi.
Quduq chuqurlashgani sayin quvurga vaqti-vaqti bilan ishchi ustun deb ataladigan uzun poʻlat quvur qoʻshiladi. Togʻ jinslari orqali oʻtadigan burgʻi oʻtmaslashgani sababli uni tez-tez almashtirish kerak va buning uchun quduqdan butun quvur tortib olinishi lozim, bu esa juda mashaqqatli ishdir.
Ba’zan burgʻini almashtirib, quvurni yana quduqqa qaytarish uchun 4–6 soat vaqt ketadi. Quduq kerakli chuqurlikka yetgach, quvur bilan burgʻi chiqarib olinadi, maxsus kimyoviy tarkib bilan toʻldirilgan ishchi ustun esa quduqning pastki qismiga tushiriladi. Quvurda teshik hosil qilib, neftga chiqish yoʻlini ochish uchun quduqqa kichik toʻpga oʻxshash maxsus moslama tushiriladi. Keyin quvurni toʻldirib turgan tarkibni yoʻqotish uchun unga suv haydaladi. Quduqda bosim koʻtariladi va nihoyat neft klapan-teshiklar orqali ochiq rezervuarga oqib chiqa boshlaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.