Geyger hisoblagichi qanday ishlaydi?

Ehtimol, noyob metallarni qidirishda zamonaviy odamga Geyger hisoblagichi yordam berishini eshitgandirsiz. Yoki atom portlashlaridan keyin kelib chiqadigan xavf haqida gapirilganda, Geyger hisoblagichi haqida soʻz ketganini eshitgan boʻlishingiz mumkin. Ikkala holatda ham radiatsiya yoki nurlanish deb ataladigan hodisa yuzaga keladi. Muayyan radioaktiv elementlar Geyger hisoblagichi yordamida osongina aniqlanadigan va oʻlchanadigan nurlarni chiqaradi. Bu hisoblagich Xans Geyger tomonidan ixtiro qilingan va keyinchalik Myuller familiyali olim tomonidan takomillashtirilgan.

Hisoblagich vakuum naychadan iborat. U juda sodda tuzilgan boʻlib, juda ingichka shisha naycha ichida ikkita plastinka va argon kabi oz miqdordagi gaz mavjud. Gaz bilan toʻldirilgan naychalar sizga yaxshi tanish, bular nur sochadigan neon reklama naychalaridir. Agar kontaktlar yetarlicha yuqori kuchlanishli elektr energiyasi manbasiga ulansa, neon naycha yoki kunduzgi yorugʻlik lampasidagi gaz nur socha boshlaydi. Yuqori kuchlanish gazni toʻyintirib, katta elektron oqimining ikki plastinka oʻrtasida harakatlanishiga imkon beradi. Elektronlar oqimining bu harakati boshlanganida, naycha ichidagi gaz nur socha boshlaydi.

Geyger hisoblagichida esa, aksincha, normal sharoitda gaz nur sochmasligi uchun kuchlanish juda past boʻlishi kerak. Keling, endi yaqin atrofda radioaktiv modda paydo boʻlsa, nima sodir boʻlishini tasavvur qilaylik. Uning nurlanishi naychaga kirib, gaz molekulalari bilan oʻzaro taʼsirlasha boshlaydi. Bundan ular energiya olib, gaz nur socha boshlaydi. Demak, endi naycha orqali elektr toki oʻta boshladi. Uni hisoblagich orqali oʻtkazib, naychaga tushgan nurlanish miqdorini bilib olish mumkin.

Shuningdek, bu oqimni odatda bizga Geyger hisoblagichini eslatadigan chiqillash tovushini chiqarishga majbur qilish mumkin. Geyger hisoblagichi radiatsiyani ilgʻaydigan asbob boʻlgani uchun u, albatta, nurlanish chiqarmaydigan narsani aniqlamaydi. Shuning uchun uning noyob metallarni topish imkoniyatlari juda cheklangan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!