20.02.2024
Sunʼiy yoʻldosh — inson tomonidan yaratilgan va Yer atrofida aylanib yuradigan kosmik kema. Bunday sunʼiy yoʻldoshlar kosmosga turli maqsadlarda uchiriladi. Sunʼiy yoʻldoshlar har xil — kichikdan ulkan shar oʻlchamlarigacha hajmlarda boʻlishi mumkin. Ularning vazni esa bir necha kilogrammdan bir necha tonnagacha yetishi mumkin. Ular shar, shlyapa qutisi, konserva bankasi, suvdagi qalqovich va sigara qutisi kabi turli shakllarda boʻlishi mumkin. Baʼzi yoʻldoshlarning orbitasi Yerdan atigi 176 kilometr uzoqlikda boʻlsa, boshqalari undan 35 680 kilometr uzoqlikda aylanadi.
Yoʻldoshning orbitasi uning vazifasiga koʻra olimlar tomonidan oldindan hisoblab chiqiladi. Yoʻldoshlar oʻrnatilgan qurilmalarning normal ishlashi uchun ularning barchasiga elektr energiyasi talab qilinadi. Bu energiyaning asosiy manbai Quyoshdir. Yoʻldoshlar yuzasiga quyosh nurini elektr energiyasiga aylantiradigan koʻplab quyosh panellari oʻrnatilgan. Uning batareyalari ushbu elektr energiyasidan quvvatlanadi. Radio va televideniye signallari qitʼadan qitʼaga yoʻldoshlar orqali uzatilishi mumkin. Koʻpgina aloqa sunʼiy yoʻldoshlarida qabul qiluvchi va uzatuvchilar mavjud. Qabul qiluvchilar yerusti stansiyalaridan radio va televizion dasturlarni qabul qilib oladi. Elektron qurilmalar televideniye va radioeshittirish signallarini kuchaytiradi. Keyin uzatuvchilar bu signallarni boshqa qitʼada joylashgan olis yerusti stansiyalariga yuboradi.
Bunday yoʻldoshga misol — Telstar. Telstar–1 AQShda 1962-yilning iyul oyida uchirilgan. Uning yordamida AQSh va Yevropa oʻrtasida jonli televizion traslyatsiyalarni amalga oshirish imkoni tugʻildi. Aloqa yoʻldoshlarining bir turi Yer atrofida 35 680 kilometr masofadagi statsionar orbitada harakatlanadi.
Yoʻldosh bu orbita boʻylab 24 soatda toʻliq oʻtadi, yaʼni buning uchun Yer oʻz oʻqi atrofida aylanishi uchun kerakli vaqt bilan bir xil vaqt lozim. Shuning uchun ham yoʻldosh Yer ustida har doim bir joyda turadi. Bu turdagi yoʻldoshlardan biri “Saharxez qush” deb nomlangan. Orbitasi juda balandda joylashgani sababli u signallarni juda uzoq masofalarga uzata oladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.