Radioteleskop nima?
Radioteleskoplar har qanday ob-havo sharoitida ham ishlaydi. Radioteleskop nima?
2 min
Bu nima?

Teleskop orqali yulduz va sayyoralarni kuzatganimizda, ular taratayotgan yorugʻlik toʻlqinlarini koʻramiz. Yorugʻlik nurlanishning bir shaklidir. Ammo yulduzlar Yerga nafaqat yorugʻlik, balki boshqa toʻlqinlarni ham yuboradi. Yulduzlar nurlanishining bir qismi radiotoʻlqinlar shaklidadir. Bu toʻlqinlarning baʼzilari Yerdagi maxsus radiopriyomniklar (radio qabul qiluvchi) tomonidan tutilishi mumkin. Oddiy teleskop yorugʻlik toʻlqinlarini tutib, kattalashtirganidek, radiopriyomniklar ham radiotoʻlqinlarni ushlab, kuchaytiradi. Yulduzlardan keladigan radiotoʻlqinlarni tutishga moʻljallangan radiopriyomnik radioteleskop deb ataladi.

Radioteleskoplarning koʻplab turi mavjud boʻlsa-da, ularning barchasi ikkita asosiy qismdan iborat: antenna va radiopriyomnik. Antenna odatda ulkan, haybatli koʻrinishdagi metall laganga oʻxshaydi. U harakatlanuvchi asosga yoki osmonning istalgan tomoniga yoʻnaltirilishi mumkin boʻlgan baland joyga oʻrnatilishi mumkin. Radioteleskoplar haqida oʻylaganda, odamlar odatda shunday ulkan metall lagan-antennani tasavvur qiladi. Ammo radiopriyomnik ham uning juda muhim qismidir. Priyomniksiz bu ulkan antenna hech bir ishga yaramaydi.

Kiruvchi toʻlqinlar juda kuchsiz boʻlishi mumkinligi sababli ularni kuchaytirish uchun maxsus radiopriyomnik kerak. Radiosignallar kuchaytirilganidan soʻng, ular karnayga uzatiladi va astronomlar undan chiqadigan pishillashni eshitishi mumkin. Qolaversa, ular nafaqat signallarni eshitadi, balki ularni qogʻozga qayd etilgan holda ham koʻradi. Signallar qogʻoz tasmaga toʻlqinli chiziq koʻrinishida yoziladi.

Na tuman, na yomgʻir, na boshqa ob-havo sharoiti radiotoʻlqinlariga taʼsir qila olmagani uchun radioteleskoplar har qanday ob-havo sharoitida ham ishlaydi. Shuningdek, ularni qulay boʻlgan har qanday joyda qurish mumkin boʻlib, oddiy optik teleskoplar singari tog‘ga yoki boshqa baland joyga oʻrnatish shart emas. Radioteleskoplar yordamida olimlar koinot haqida boshqa yoʻl bilan aniqlab boʻlmaydigan maʼlumotlarni olishi mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!