20.02.2024
Yer sharsimon boʻlgani uchun hamma joyda ham Quyosh peshin vaqtida qoq tepada boʻlib, nurlari yerga vertikal ravishda tushmaydi. Quyoshning bunday holati Yer uchun eng foydali hisoblanadi. Shunda u koʻproq issiqlik oladi, chunki Quyoshning tik nurlari atmosfera qatlamlaridan qiya nurlarga qaraganda tezroq oʻtadi.
Ammo bunday qulay sharoitlar faqatgina Yer sharini aylana shaklida eng keng joyda oʻrab turgan nuqtalarda mavjud. Bu — ekvator (lotin tilidan tarjima qilinganda — “tenglagich”). Ekvatordagi har qanday nuqta Shimoliy va Janubiy qutblardan bir xil masofada joylashgan. U Yerni ikkita teng — Shimoliy va Janubiy yarimsharga ajratadi. Ekvatorda yil davomida kun tunga teng boʻlib, har biri 12 soat davom etadi va butun yil davomida ob-havo bir xil iliq boʻladi. U yerda qish boʻlmaydi va hech qachon qor yogʻmaydi.
Aynan ekvatorda Braziliyadagi buyuk Amazonka daryosining etagi, Afrikadagi Viktoriya koʻli, Indoneziyaning ayrim orollari, ekvator yaqinida — mashhur Singapur shahri joylashgan. Janubiy Amerikadagi ekvator kesib oʻtgan davlat esa xuddi shunday — Ekvador deb ataladi.
Ekvatorning har ikki tomonida — 8° shimoliy kenglikdan 11° janubiy kenglikkacha tabiiy ekvatorial mintaqa yaslanib yotadi. Uning chegaralaridagi iqlim issiq va nam, mavsumiy tebranishlar sodir boʻlmaydi. Yil davomida havo harorati 24–28°C ni tashkil qiladi. Ekvatorial oʻrmonlarda juda koʻp turli xil hayvonlar yashaydi. Nam havo yorqin va chiroyli, baʼzan shoxlarda marjonday osilib turadigan gullarning xushboʻy hidi bilan toʻyingan.
Ekvatordan shimolda va janubda Quyosh eng choʻqqiga koʻtarilgan kunlar soni juda tez kamayib boradi. Ekvatordan shimolda ham, janubda ham 23 daraja 27 daqiqa kengliklarda bu yiliga bir marta — shimoliy yarimsharda yozgi Quyosh turishi (21–22-iyun) vaqtida, janubda esa qishki Quyosh turishi (21–22-dekabr) vaqtida sodir boʻladi. Bu — Yerdagi ikkita tropika (yunoncha “tropikos” soʻzi “burilish aylanasi” degan maʼnoni anglatadi).
Tropiklar yulduzlar turkumi burjining ikkita nomi bilan atalgan: shimoliy — Javzo tropikasi, janubiy — Jadiy tropikasi. 20 va 30° ham shimoliy, ham janubiy kengliklar oraligʻida tabiiy tropik mintaqa joylashgan boʻlib, ularga issiq, lekin koʻpincha quruq (ekvatordagi kabi nam emas) boʻlgan iqlim xosdir. Hamma gap shundaki, Quyosh tropiklarni ekvatordagiga qaraganda kuchsizroq isitsa-da, u yerda doimiy quruq shamol — passatlar esib, ekvatordagidan issiqroq iqlimni shakllantiradi. Tropiklarda oʻtib boʻlmas oʻrmonlar emas, yarim choʻl va choʻllar mavjud. Ularning eng “qaynoqlari” Hindistondagi Tar, AQShdagi Oʻlim vodiysi, Afrikadagi Liviya choʻlidir.
Ekvatordan shimol va janubga harakatlangan sari tropik mintaqalar oʻz oʻrnini asta-sekin subtropiklarga, ular esa, oʻz navbatida, moʻtadil mintaqalarga boʻshatib beradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.