20.02.2024
Yer yuzida hayot taxminan 4 milliard yildan beri mavjud. Yerda turli davrlarda yashagan koʻplab oʻsimlik va hayvon turi yoʻqolib ketgan. Ammo yerosti qatlamlarida ularning toshqotgan qoldiqlarini topamiz va ularni oʻrganish orqali bu oʻsimlik va hayvonlar haqida bilib olamiz. Bular hayvonlarning koʻpincha kimyoviy birikmalarga aylangan chigʻanoq, suyak, tangacha yoki boshqa qattiq qismlaridir. Hayvonlarning toshqotgan izlari ham uchrab turadi.
Organizmlarning qazilma qoldiqlarini jiddiy oʻrganishni birinchi boʻlib XVII asr oxirida fransuz biologi Jorj Kyuve boshladi. U qazilma shakllar va yerning ular topilgan qatlamlari oʻrtasidagi bogʻliqlikni aniqladi. Kyuve Parij yaqinida ancha oldin bu hududlarda yashab, keyinchalik qirilib ketgan fil, gippopotam va boshqa koʻplab hayvonlarning suyaklarini topgan. U bir vaqtlar Parij atrofidagi iqlim juda boshqacha — bugungi Hindiston va Afrika iqlimiga oʻxshash boʻlgan degan xulosaga kelgan.
Kyuve hozirgi vaqtda geologiya uchun muhim boʻlgan yoʻqolib ketgan hayvonlarni oʻrganuvchi fan — paleontologiyaga (yunoncha palotoson — qadimgi mavjudot va logos — fan soʻzlaridan) asos solgan. Bu fan togʻ jinslarining yoshini aniqlash, bir togʻ jinsini boshqalari bilan taqqoslash va Yerning geologik tarixi haqida tasavvurga ega boʻlishga yordam beradi.
Paleontologiya Charlz Darvinga hayvonlar turining rivojlanish yoʻnalishi boʻyicha bosqichma-bosqich oʻzgarishi — evolyutsiya haqidagi taʼlimotni yaratishga yordam bergan.
Balki ayrimlaringiz bir uchi uchqur boʻlgan gʻalati tosh tayoqlarni topib olgandirsiz. Biz ularni “shayton barmoqlari” deb ataymiz, olimlar esa bu Yura davrida Yerda yashagan va keyinchalik qirilib ketgan belemnit mollyuskasining toshqotgan zirhi ekanini biladi. Bu davr 185 million yil oldin boshlangan va 130 million yil davom etgan.
Eng qadimgi toshqotgan jinslar yoshi 570 million yil boʻlgan qatlamlarda uchraydi. Ehtimol, hayot Yer yuzida undan ham ilgari boʻlgan, ammo uning izlari saqlanib qolmagan. Shuning uchun Yerning tarixi haqida yoʻqolib ketgan organizmlarning qoldiqlari soʻzlab berishi mumkin boʻlgan davri fanerozoy (yunoncha — “aniq hayot”) deb nomlangan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.