20.02.2024
“Aniq hayot” davri (fanerozoy) kembriy geologik davridan boshlanadi. Ungacha qariyb 4 milliard yil davomida deyarli jonsiz kambriyga qadar davr kechgan. Kembriyda Yerni tirik mavjudotlar zabt etgan.
375 million yil davom etgan “qadimgi hayot” davri (paleozoy) bizning bir million yil bir soniyaga teng filmimizda 6 daqiqada oʻtib ketadi. Umurtqali hayvonlar (baliq, sudralib yuruvchilar, amfibiyalar va oxirida sutemizuvchilarning baʼzi ajdodlari) paydo boʻlib, rivojlana boshlaydi. Sayyorada oldingi davrlarda paydo boʻlgan umurtqasiz hayvonlarning vakillari rivojlanishda davom etadi. Ularning ayrimlari juda katta oʻlchamlarga yetadi. Masalan, devon davrida kattaligi 3 m gacha boʻlgan ulkan qisqichbaqasimon chayonlar, toshkoʻmir davrida esa qanotlari uzunligi 1 metrga yaqin boʻlgan ninachilar yashagan.
Oʻsimliklar deyarli butun quruqlikni qoplab olgan. Botqoqliklarni daraxtsimon paporotnik va qirqboʻgʻinlar hosil qilgan ajoyib oʻrmonlar ishgʻol qilgan. Bu oʻsimliklarning qoldiqlari ulkan koʻmir konlarini hosil qilgani uchun paleozoy erasining davrlaridan biri toshkoʻmir davri deb nomlangan.
Bu qatlamlarda ilgari kamdan-kam uchragan tirik organizmlarning qoldiqlari — chigʻanoqlar, marjonlar, baliq izlari, shuningdek, oʻsimliklarning koʻmir qatlamlaridagi qismlari tez-tez uchraydi.
Mezozoy davri, yaʼni “hayotning oʻrta davri” (yunoncha “mezos” oʻrta degan maʼnoni anglatadi) 155 million yil (filmda 2,5 daqiqa) davom etgan.
Boʻr davrida paleozoy va mezozoyning boshlanishida oʻsimlik dunyosida hukmronlik qilgan daraxtsimon paporotnik, qirqboʻgʻin va ignabargli daraxtlar oʻrniga gulli (yopiqurugʻli) oʻsimliklar paydo boʻlgan. Ular mezozoy oxiriga kelib juda tez rivojlangan va keyingi davrda quruqlikdagi oʻsimliklar orasida yetakchi rol oʻynagan. Bu hasharot va ayrim mollyuskalar hukmronlik qilgan davrdir. Oʻsha paytdan bizning davrimizga qadar ammonitlar — chigʻanogʻining diametri 2 m gacha boʻlgan bosh-oyoqli mollyuskalarning toshqotgan qoldiqlari yetib kelgan. Umurtqali hayvonlar orasida sudralib yuruvchilar asosiy rol oʻynagan, ammo qush va sutemizuvchilar ham paydo boʻlgan. Gigant kaltakesaklar — balandligi 10 m, uzunligi esa 30 m ga yetadigan dinozavrlar; uchuvchi kaltakesaklar ham boʻlgan. Eng kattasining qanotlari uzunligi 8 m gacha yetgan.
Kaynozoy davri (70 million yil) — sutemizuvchilar rivojlangan va yer yuzida odamlar paydo boʻlgan davr. Kaynozoydagi hayot (yunoncha “kaynos” — yangi) zamonaviyga oʻxshash koʻrinishga ega boʻlgan. Unda zamonaviy fil va otlarning ajdodlarini uchratishimiz, bargli oʻrmon va gullar bilan qoplangan oʻtloqlarni koʻrishimiz mumkin. Mezozoyning oxirida dahshatli maxluq — dinozavrlar qirilib ketgan, dengizlardagi ammonitlar esa gʻoyib boʻlgan. Butun kaynozoy bizning filmimizda bir daqiqadan biroz koʻproq davom etadi.
Insonning paydo boʻlishi va rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlgan va 3 million yil davom etgan toʻrtlamchi davr filmning faqat soʻnggi uch soniyasida koʻzga chalinadi. Undagi eng muhim voqea muzlik davri edi: cheki koʻrinmas muzlik Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning shimoliy qismlarini egallab olgan. Bu vaqt ichida ekranda biror narsani payqashimiz dargumon… Ehtimol, faqat lip etib oʻtib ketgan oq narsani koʻrarmiz.
Qadimgi odamlar koʻz oʻngimizda film tugashiga bir soniya qolganda paydo boʻladi. Sivilizatsiyaning butun tarixi — birinchi Misr piramidalaridan tortib, sunʼiy yoʻldoshlarning kosmosga uchishigacha (5000 yil) boʻlgan davr esa ekranda soniyaning 1/200 qismida yalt etib oʻtib ketadi. Insoniyat tarixini shunchaki payqamaymiz.
Quyosh barcha sayyoralari bilan galaktika markazini 25 marta aylanib chiqqan 5 milliard yilga yaqin vaqt bilan taqqoslaganda 5 000 yil nima ham boʻlardi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.