Kometa nima?
Quyosh sistemasi va kometalar haqida ma'lumot.
2 min
Bu nima?

Bir paytlar kometalarning paydo boʻishi odamlarni dahshatga solgan. Ular kometalarni shaytoniy alomat, vabo, urushlar, oʻlimning xabarchisi deb hisoblashgan.

Bugun biz kometalar nima ekanligini bilamiz, ammo ular haqida koʻp narsalar hali ham noaniq boʻlib qolmoqda. Kometani ilk bor koʻrganimizda, garchi kometaning diametri bir necha ming kilometrga yetishi mumkin boʻlsada, biz faqat kichik yorqin jismni kuzatamiz.

Yorugʻlik manbai kometaning “boshi” yoki uning yadrosidir. Olimlarning fikriga koʻra, u qattiq zarrachalar yigʻindisi va gazlar toʻplamidan iborat boʻlishi mumkin. Ular qayerdan paydo boʻlgani biz uchun haliyam sir boʻlib qolmoqda.

Quyoshga yaqinlashgan sari kometaning dumi paydo boʻladi. U Quyosh taʻsirida kometa yadrosidan ajralib chiqadigan juda siyrak gaz va mayda zarralardan iborat. Kometaning yadrosi uning “qobiq” deb ataladigan uchinchi qismi bilan oʻralgan. Bu diametri 250 000 km dan koʻp boʻlishi mumkin boʻlgan qattiq moddalardan iborat yorqin bulutdir.

Kometalarning dumlari shakli va hajmi jihatidan farq qiladi. Baʼzilari qisqa va keng, boshqalari uzun va ingichkadir. Odatda ularning uzunligi taxminan 10 million km, baʼzan esa 180 million kilometrga yetadi.

Dum oʻsishi natijasida kometaning harakatlanish tezligi ham oshadi, chunki u Quyoshga yaqinlashgan boʻladi. Bu vaqtda kometa boshi bilan oldinga harakat qiladi, keyin esa gʻalati bir holat yuz beradi. Quyoshdan uzoqlashayotgan kometa dumi bilan oldinga harakat qiladi. Buning sababi shundaki, Quyosh nurlari kometa yadrosidan materiyaning eng kichik zarralarini yulib olib, kometaning Quyoshga teskari yoʻnalishdagi dumini hosil qiladi.

Shuning uchun, kometa Quyoshdan uzoqlashayotganda dumi bilan oldinga harakatlanadi. Bu vaqtda kometaning tezligi pasayadi va biz asta-sekin uni koʻzdan yoʻqotamiz. Kometalar uzoq yillarga yoʻq boʻlib ketishi mumkin, ammo aksariyati asta-sekin qaytib keladi. Kometalar asosan Quyosh atrofida aylanadi, baʼzilariga esa bitta toʻliq aylanishni amalga oshirishi uchun uzoq vaqt talab etiladi. Masalan, Galley kometasi Quyosh atrofini deyarli 75 yil ichida bir marta aylanib chiqadi, xolos. Hozirda astronomlar 1000 ga yaqin kometani qayd etishgan, ammo bizning Quyosh tizimimizda bizga koʻrinmaydigan bir necha yuz minglab kometalar mavjud boʻlishi mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!