20.02.2024
Vaqti-vaqti bilan Yerimizga aloqador, hamda bizga sirli boʻlib tuyuladigan va hali javobi topilmagan baʼzi savollarga duch kelamiz. Masalan, okeanlar suvida tuz mavjudligi. U okeanda qanday paydo boʻlgan?
Ha, biz tuz okeanga qanday tushganini bilmaymiz! Albatta, biz tuz suvda erishini va u okeanlarga yomgʻir suvi bilan tushishini bilamiz. Yer yuzasidagi tuz doimiy ravishda eriydi va okeanga tushadi.
Ammo biz bu bilan okeanlardagi juda koʻp miqdordagi tuz mavjudligini tushuntira olishimizni bilmaymiz. Agar barcha okeanlarni quritsak, qolgan tuzdan balandligi 230 km va qalinligi deyarli 2 km boʻlgan devor qurish mumkin. Bunday devor bilan ekvator boʻylab butun yer sharini aylantirib chiqish mumkin. Yoki boshqa taqqoslash: barcha quritilgan okeanlar tuzining hajmi Yevropa qitʼasidan 15 baravar katta!
Biz har kuni ishlatadigan oddiy tuz dengiz suvidan, tuz manbalaridan yoki tosh tuzi konlaridan qazib olinadi. Dengiz suvida 3–3,5% tuz mavjud. Oʻrta dengiz va Qizil dengiz kabi ichki dengizlarda ochiq dengizlarga qaraganda koʻproq tuz bor. Oʻlik dengiz atigi 728 kv. kilometrni egallasada, u taxminan 10 523 000 000 tonna tuzga ega.
Oʻrtacha bir litr dengiz suvida taxminan 30 gramm tuz mavjud. Yerning turli qismlaridagi tosh tuzi konlari millionlab yillar oldin dengiz suvining bugʻlanishi natijasida hosil boʻlgan. Tosh tuzining hosil boʻlishi uchun dengiz suvi hajmining oʻndan toʻqqiz qismi bugʻlanib ketishi kerak; ushbu tuzning hozirgi konlari oʻrnida ichki dengizlar boʻlgan deb hisoblanadi. Ular kelib quyilayotgan yangi dengiz suviga qaraganda tezroq bugʻlanib ketgan va natijada tosh tuzi konlari paydo boʻlgan.
Osh tuzining asosiy qismi tosh tuzidan olinadi. Odatda tosh tuzi konlarida shaxtalar qaziladi. Tuzni eritish uchun quvurlar orqali toza suv haydaladi. Ikkinchi quvur orqali esa bu eritma yuzaga koʻtariladi.
Keyingi safar oyingiz ovqat uchun doʻkondan tuz olib kelishni soʻraganda, bu maʼlumotlarni yodda tuting.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.