Qon qanday aylanadi?
Qon qanday aylanadi? Qon qanday harakatlanadi?
2 min
Inson organizmi

Oddiy qilib aytganda, qon yurak uni “haydagani” uchun aylanadi, tomir va arteriyalar esa ularni tashuvchi quvurlar sifatida ishlaydi. Qon aylanishi orqali oʻpkadan kislorod va ovqat hazm qilish organlaridan ozuqa moddalari butun tanaga tarqaladi va chiqindilar toʻqimalardan olib chiqiladi.

Qon haydaladigan “quvurlar” katta va kichik ikkita ichi boʻsh naychalar tizimidan iborat. Ikkalasi ham yurakka — “nasos”ga ulangan, lekin bir-biriga bogʻlanmagan. Qon tomirlarining kichik tizimi yurakdan oʻpkaga borib orqaga qaytadi. Kattasi yurakdan tananing turli qismlariga boradi. Ushbu naychalar “arteriyalar”, “venalar” va “kapillyarlar” deb nomlanadi. Arteriyalar qonni yurakdan haydaydi, venalar esa yurakka qaytaradi, kapillyarlar — qonni arteriyalardan venalarga oʻtkazadigan eng nozik tomirlardir.

Endi asosiy organ ­— yurak haqida ikki ogʻiz soʻz. U ikki qismdan iborat ikki qavatli uyga oʻxshaydi. Uning yuqori qismida oʻng va chap boʻlmachalar, pastki qismida esa oʻng va chap qorinchalar joylashgan.

Agar biz qon tomchisining tana boʻylab yoʻlini kuzata olganimizda, biz quyidagilarni koʻrgan boʻlardik. Kislorod bilan toʻyingan qon oʻpkadan yuqoridagi chap boʻlmachaga, u yerdan chap qorinchaga (pastki qavatga), soʻngra aortaga boradi. Aorta — eng katta arteriya boʻlib, uning tarmoqlari (shoxlari) qonni butun tanaga olib boradi.

Kapillyarlar orqali qon eng kichik arteriyalardan eng kichik venalarga oʻtadi. U tobora kattalashib boradigan venalar orqali oqadi. Va nihoyat, yurakning oʻng boʻlmachasiga yetib boradi.

Keyin — oʻng qorinchaga va u yerdan uni oʻpkaga olib boradigan arteriyalarga. Bu yerda u karbonat angidrid va ozroq suvni qoldirib, oʻrniga kislorodni oladi. Endi u sayohatini qayta-qayta takrorlash uchun yurakning chap boʻlmachasiga qaytishga tayyor!

Voyaga yetgan erkakning yuragi kuniga taxminan 100 000 marta qisqarib boʻshashadi va 24 soat ichida taxminan 13 630 litr qonni haydaydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!