20.02.2024
Oy Yer atrofida aylanayotganda baʼzan Yer va Quyosh oʻrtasiga tushib qoladi va Yer yuzasiga soya soladi. Shunday qilib, Quyosh tutilishi sodir boʻladi.
Tutilish yangi Oy chiqqanida, Oy Yerning Quyoshga qaragan qismi ustida boʻlganida sodir boʻladi. Xoʻsh, unda nega har yangi oy chiqishida Quyosh tutilishi roʻy bermaydi? Gap shundaki, Oyning Yer atrofida aylanish doirasi Yerning Quyosh atrofida aylanish tekisligiga toʻgʻri kelmaydi. Oy Yer atrofida aylanayotganida (toʻliq aylanish 27 kun ichida amalga oshadi) Yer orbitasining baʼzan yuqorisidan, baʼzan esa pastidan oʻtadi.
Quyosh tutilishi toʻliq, halqasimon va qisman boʻlishi mumkin. Agar Oy Quyoshni toʻliq yopsa, tutilish toʻliq boʻladi. Biroq, Oy va Yer oʻrtasidagi masofa doimiy emas. Koʻpincha Oy Yerdan juda uzoqda boʻladi va Quyoshni toʻliq qoplay olmaydi. Bunday tutilish paytida Oy Quyoshning deyarli butun yuzasini qorongʻu disk shaklida qoplab, uning tashqi qirrasi boʻylab faqat ingichka nur halqasi qoladi. Bu ingichka yorugʻlik halqasi toj, bu tutilish turi esa halqasimon deb ataladi. Qisman tutilishda esa Oy diskining faqat bir qismi Quyosh va Yer oʻrtasidan joy oladi.
Oyning tutilishi faqat toʻlin Oy chiqqanda va u Yerning Quyoshga qarama-qarshi tomonida joylashganidagina sodir boʻladi. Yer Oy va Quyosh oʻrtasidan oʻtayotganda, Oy Yerning soyasida qolib ketadi va koʻzdan gʻoyib boʻladi. Qisman tutilish Oy Yer soyasiga faqat qisman kirganida sodir boʻladi.
Ayrim yillarda Oy tutilishi umuman boʻlmaydi, boshqalarida 1–3 martagacha roʻy beradi. Quyosh tutilishi esa koʼproq, yaʼni 2–5 martagacha sodir boʻladi. Yerning baʼzi joylarida toʻliq Quyosh tutilishini har 360 yilda bir marta kuzatish mumkin.
Qadimda odamlar Oy yoki Quyosh tutilishini oxir-zamon belgisi deb oʻylab, yana qayta takrorlanishidan juda qoʻrqishgan. Sababi aniqlangandan soʻng esa, nega kam tutiladi degan savolni berishmoqda. Odamzod juda qiziq-da.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.