Yulduz turkumi nima?
Yulduz nomlari va yulduzlar haqida boshqa qiziq ma'lumotlar.
2 min
Bu nima?

Yulduzlarni tomosha qilayotganda, ehtimol, ular bizga tanish boʻlgan harflar, uchburchak, kvadratlarni hosil qilganini payqagandirsiz. Qadim zamonlardan beri dunyoning turli burchaklarida odamzod bunday yulduzlar guruhlari, yaʼni burjlarga nom bergan. “Burjlar” lotin tilidan tarjima qilinganda “yulduzlar guruhi” degan maʼnoni anglatadi.

Burj nomlari qayerdan paydo boʻlgan? Burjlarning zamonaviy nomlari bizga qadimgi rimliklardan, ularga esa qadimgi Yunonistondan yetib kelgan. Qadimgi yunonlar yulduzlar haqidagi maʼlumotlarning bir qismini Bobil¹ aholisidan olishgan.

Bobilda burjlarga hayvonlar nomlari, shohlar, malikalar, afsona qahramonlarining ismlari berilgan. Keyinchalik qadimgi yunonlar Bobilda berilgan koʻplab nomlarni oʻzlarining qahramonlari — Gerkules, Orion, Persey nomlariga almashtirganlar. Qadimgi Rim qarasa hamma oʻzgartirib kelmoqda, “men ham qatordan qolmay” deb, u ham oʻzgarishlarini amalga oshirdi. Hozirgi kunda biz burjlarning eski nomlaridan foydalanmoqdamiz, lekin ismlar ortidagi tasvirlarni tasavvur qilish har doim ham oson emas. Masalan, Burgut, Kichik va Katta Ayiq, Tarozi yulduz turkumlarining shakllari oʻz nomlariga unchalik mos kelmaydi.

Yulduz turkumlari cheksizmi? Taxminan milodiy 150-yilda taniqli astronom Ptolemey oʻziga maʼlum boʻlgan 48 yulduz turkumini qayd etgan. Ushbu roʻyxatda koʻplab boʻshliqlar bor edi, chunki osmondagi butun burjlarning hammasi bu roʻyxatga kiritilmagan. Shuning uchun keyinchalik astronomlar Ptolemey tuzgan roʻyxatni kengaytirdilar. Yangi qoʻshilgan burjlarning ayrimlariga Sekstant, Kompas, Mikroskop kabi ilmiy asboblarning nomlari berilgan. Bugungi kunda astronomlar jami 88 ta yulduz turkumini aniqlashgan. 

Burj osmonning maʼlum bir qismini egallaydi. Bu, masalan, Amerika Qoʻshma Shtatlarida har bir shahar maʼlum bir shtatda joylashgani kabi, har bir yulduz ham oʻz yulduz turkumida joylashganini anglatadi. Bir vaqtlar burjlar chegaralari oʻzgaruvchan va siniq shaklda edi. 1928-yilda astronomlar burjlar chegaralari faqat toʻgʻri chiziqlar hosil qilishi uchun ularni toʻgʻrilashga qaror qilishdi.

Kechqurun osmonda yulduzlarni birlashtirib, hayvonlarni hosil qilsangiz, yulduz turkumlarini tutdim, deyaverasiz.


[1] Bobil — janubiy Mesopotamiyadagi qadimiy shahar, Bobil imperiyasining poytaxti.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!