Marsda hayot bo‘lishi mumkinmi?
Mars sayyorasi haqida. Mars haqida qiziqarli faktlar.
2 min
Yulduzlar

Olimlar koinotda hayot bor yoki yoʻqligini aniqlash uchun turli tajribalar oʻtkazishlari haqida koʻp eshitganmiz. Tabiiyki, hayot alomatlarini topish uchun uzoq Koinotdan koʻra oʻzimizning Quyosh tizimini oʻrganish osonroqdir. Baʼzi olimlarning fikriga koʻra, hayotning biror-bir shakli mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan joylardan biri — Mars sayyorasi.

Nega ular aynan Marsni tanladilar? Mars bizning Yerimizga oʻxshash sayyora hisoblanadi. Quyoshgacha boʻlgan masofa boʻyicha Mars Yerdan keyingi oʻrinda turadi. Uning diametri Yernikidan ikki baravar kichik va Mars Quyosh atrofini deyarli ikki yil ichida bir marta aylanib chiqadi. Ammo Marsda kunning davomiyligi Yerniki bilan deyarli bir xil.

Marsni kuzatish davomida astronomlar Marsda qandaydir hayot shakllari boʻlishi mumkinligini koʻrsatadigan baʼzi maʼlumotlarni qayd etishdi. Birinchidan, Marsda ham xuddi Yerda boʻlgani kabi fasllar bor. Darhaqiqat, fasllar almashganida sayyora yuzasida oʻzgarishlar kuzatiladi. Bahor va yozda yuzaning qoramtir joylari yanada qorayadi. Sizga ham balki bu oʻsimliklardir, degan hayol keldimi? Shunday taxmin ham yoʻq emas.

Astronomlarning taxminlariga koʻra, sayyora atmosferasida oz miqdordagi suv bugʻlari mavjud boʻlib, ular hayotning rivojlanishiga yordam berishi mumkin. 1887-yilda italiyalik astronom Jovanni Schiaparelli (ismi qiyin ekan-a) Mars yuzasida kanallarga oʻxshash narsani kuzatganini eʻlon qildi. Olimlar: “Marsliklar ularni qutbdagi hududlardan qurgʻoqchil (suvsiz) hududlar uchun suv olish maqsadida qurgan boʻlishi mumkinmi?”— degan savol bilan munozaralar olib borishmoqda.

1976-yilda AQSHning ikkita Viking apparati sayyora yuzasiga qoʻndi. Kosmik kemalar bortidagi asbob-uskunalar yordamida tuproqda hayot izlarini aniqlash uchun tekshirishdi va natijalar Yerga uzatildi. Ushbu tadqiqotlar tuproqda mikroorganizmlar boʻlishi mumkin yoki Mars tuprogʻi Yernikidan mutlaqo farq qilishini koʻrsatdi. Yaʼni, agar Marsda hayot mavjud boʻlsa ham, bizning sayyoramizdan soddaroq shaklda boʻlishi taxmin qilinadi.

Marsda yashash imkoni boʻlsa, siz yozgi taʼtilda Marsga borgan boʻlarmidingiz?

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!