Nega bulutlar bir xil shaklda emas?

Bulutlar oʻzi qanday hosil boʻladi? Keling, shuni koʻrib chiqamiz. Suv bugʻlari bilan toʻyingan iliq havo osmonga koʻtariladi. Muayyan balandlikda iliq havo soviydi. Past haroratda namlik bugʻ shaklini saqlab qola olmaydi. Ortiqcha namlik suv tomchilari va muz zarralachalariga aylanadi va bulut hosil boʻladi.

Eng qizigʻi, ikkita bir xil bulut mavjud emas, ularning shakli doimo oʻzgarib turadi. Bulutlar shaklidagi farq ularning turli balandlik va haroratda hosil boʻlishi bilan izohlanadi. Bundan tashqari, bulutlar balandlik va haroratga qarab turli xil zarralardan iborat boʻlishi mumkin. Endi bulutlar nega har xil ekanligini bilasiz.

Eng baland bulutlar “nur sochuvchi” deb nomlanadi. Ular 50–100 km balandlikda boʻladi. Ulardan pastroqqa tushsak, “sadaf ranglilar” keladi. Agar ularni koʻrib qolsangiz bilingki, siz 22 dan 33 km gacha balandlikda turibsiz. Sadaf ranglilar chang yoki yomgʻir tomchilaridan tashkil topgan juda nozik, chiroyli tusdagi bulutlardir. Ularni faqat quyosh chiqishidan oldin yoki quyosh botganidan keyin kuzatish mumkin.

10 km va undan yuqori balandlikda “patsimon”, “patsimon qat-qat” va “patsimon toʻp-toʻp” bulutlar joylashgan boʻladi. Hammayoq pat ekanda deysizmi? Rostdan ham bulutlar patga oʻxshaydi-da. Patsimon bulutlar pat va tolalarga, patsimon qatma-qatlar — ingichka oqish chiziqlarga oʻxshaydi, patsimon toʻp-toʻp shakldagilar esa biz “osmondagi qoʻzichoqlar” deb ataydigan katta boʻlmagan yumaloq bulutlardir. Bu bulutlarning barchasi yupqa muz qatlamlaridan iborat.

Pastda joylashgan bulutlar mayda suv tomchilaridan iborat. Yer yuzasidan 3–5 km balandlikda zich toʻp-toʻp bulutlar joylashgan boʻlib, ular patsimon toʻp-toʻp bulutlarga qaraganda koʻproq miqdordagi bugʻ va zarralardan tashkil topgan. Xuddi shu balandlikda koʻpincha butun osmonni kulrang parda bilan qoplaydigan zich qat-qat bulutlar ham hosil boʻladi, ular orqali Quyosh va Oy xira dogʻdek nur sochadi.

Eng pastda, yaʼni ikki kilometr balandlikda yirik hamda yumaloq qat-qat va toʻp-toʻp bulutlar hosil boʻladi. Ushbu balandlikda zich, qoramtir va shaklsiz yomgʻir bulutlari ham joylashgan. 610 metrdan past qatlamda qavat-qavat bulutlar — yuqoriga koʻtarilgan tuman boʻladi. Toʻp-toʻp yomgʻir bulutlari momaqaldiroq va kuchli shamollarni keltirib chiqaradi, shakli baland, zich, gulkaramga oʻxshash boʻladi.

Bizga oddiy koʻringan bulutlarning ham shuncha turlari bor ekan. ☁️

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!