Sunami qanday paydo bo‘ladi?

1883-yil 27-avgustda ulkan vulqon otilishi Krakatau orolini deyarli yoʻq qildi. Ushbu portlash yuzlab qishloqlarni yoʻq qilgan bir necha oʻn metr balandlikdagi toʻlqinlarni yuzaga keltirdi. Toʻlqinlar okean boʻylab soatiga 1300 km tezlikda harakatlanib, falokat yuz bergan joydan minglab kilometr uzoqlikdagi Avstraliya va Kaliforniya qirgʻoqlariga yetib bordi!

1946-yilda Aleut orollari hududida suv osti zilzilasi sodir boʻldi. Natijada paydo boʻlgan ulkan toʻlqin besh soatdan kamroq vaqt ichida deyarli 4 ming km masofani bosib oʻtib, Gavayi orollarini bosdi. U qirgʻoqdan yuzlab metr narida boʻlgan uylar va koʻpriklarni vayron qildi. Oqibatda 170 kishi halok boʻldi.

Bunday toʻlqinlar – suvning koʻtarilish toʻlqini deyiladi. Ular dengizdagi yoki qirgʻoqdagi oddiy toʻlqinlardan mutlaqo farq qiladi va shamolga ham, oqimga ham bogʻliq emas. Olimlar bu toʻlqinlarga yaponcha sunami nomini berishdi. Dengiz tubida sodir boʻladigan turli xil tabiiy ofatlar suvning koʻtarilish toʻlqinlari yaʼni sunamini keltirib chiqaradi. Aksariyat hollarda, bu suv osti zilzilalari boʻladi.

Suv osti zilzilasi natijasida tovush havoda tarqalgani kabi suvda tarqaladigan zarba — toʻlqin hosil boʻladi. Darhaqiqat, suvdagi bunday zarba toʻlqini tovush kabi yuqori tezlikka ega.

Agar bu hududda kema boʻlsa, u xuddi qoya bilan toʻqnashgandek zarba toʻlqini kuchini his qiladi. Hech kim bunday vaziyatda kemada boʻlishni ham, bu zarbani his qilishni ham istamasa kerak.

Suv osti zilzilasi paytida dengiz tubi vertikal va gorizontal yoʻnalishlarda harakatlanadi. Ushbu havza tubi harakatlari va zarba toʻlqini suvning koʻtarilish toʻlqinlarini keltirib chiqaradi. Suv yuzasida toʻsatdan ulkan girdob yoki aksincha — suv ustuni paydo boʻlishi mumkin.

Shunisi qizikki, suvning koʻtarilish toʻlqini qirgʻoqqa yaqinlashganda, uning ilk belgisi oʻlaroq dengiz sathi biroz koʻtarilishi mumkin. Keyin dengiz suv qaytishidagi kabi bir necha daqiqaga ortga chekinadi. Dengiz tubining keng qismi ochilib qolishi mumkin. Keyin esa hamma narsani vayron qiladigan ulkan koʻtarilish toʻlqini paydo boʻladi!

“Deep impact” filmidan lavha (1998-yil, AQSh)

Etingiz jimirlab kettimi… Qoʻrqmang, atrofimiz qup-quruq, na dengiz bor, na okean.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!