Kauchuk nima?
Kauchuk daraxtlardan olinadimi? Kauchuk kamari deb nimaga aytiladi?
2 min
Bu nima?

Kauchuk tabiat yaralganidan beri mavjud. Topilgan kauchuk daraxtlarning toshqotgan qoldiqlari taxminan 3 million yoshda. Markaziy va Janubiy Amerikadagi ink va mayya (qabila nomlari) sivilizatsiyasi¹ xarobalari orasida topilgan, xom rezinadan yasalgan kauchuk sharlar yoshi 900 yildan ortiq.

Xristofor Kolumb Amerika qitʼasiga qilgan ikkinchi safarida Gaiti aholisi “daraxt sharbati”dan yasalgan toʻp oʻynayotganini koʻrgan. Ammo bundan oldin ham Janubi-Sharqiy Osiyodagi mahalliy aholi “daraxt sharbati” dan tayyorlangan rezina (kauchuk) haqida bilgan. Savat va koʻzalar suv oʻtkazmasligi uchun kauchuk bilan qoplangan.

Kauchuk 400 xil daraxt va butalarda uchraydi. Ammo oʻsimliklardagi kauchuk miqdori bir xil emas. Shuning uchun qoqioʻt, sutlama va shuvoq kabi oʻsimliklardan kauchuk olishning foydasi yoʻq.

Kauchuk daraxt sharbatidan farq qiluvchi oqish suyuqlik — lateksdan olinadigan yopishqoq, elastik (egiluvchan) modda hisoblanadi. Lateks oʻsimlik va daraxt qobigʻi, ildizi, poyasi, shoxi, bargi hamda mevalarida mavjud. Ammo u koʻproq kauchukli oʻsimlik shoxi va tanasining qobigʻi ostida uchraydi.

Lateks suyuqlikning eng mayda zarralari, qattiq zarralar va boshqa aralashmalardan iborat. Lateksning atigi 33 foizi kauchuk, qolgan qismi suvdan iborat. Lateksdagi kauchuk zarralari bir-biriga bogʻlangan hamda kauchuk toʻpini hosil qiladi.

Kauchukli oʻsimlik ekvatordan² shimol va janubga 10 gradusgacha boʻlgan kenglikda yaxshi oʻsadi. Shuning uchun ekvatorning har ikki tomonida 1 300 km kenglikdagi mintaqa “kauchuk kamari” deyiladi. Gap shundaki, kauchukli oʻsimliklar issiqlik, nam iqlim va unumdor tuproq talab qiladi. Eng koʻp kauchuk Braziliya geveyasidan olinadi. Uning nomiga qarab daraxt dastlab Braziliyada topilgan, deb taxmin qilish mumkin. Hozirgi vaqtda dunyodagi tabiiy kauchuk ishlab chiqarishning deyarli 96 foizi ushbu daraxt plantatsiyalariga³ toʻgʻri keladi. Ular “kauchuk kamari”ning koʻplab mamlakatlarida yetishtiriladi.

1800-yillar atrofida yevropaliklar orasida birinchi boʻlib fransuzlar kauchukdan shim tasmasi va bog‘ich kabi tovarlar ishlab chiqara boshlagan.


[1] Sivilizatsiya — moddiy va maʼnaviy madaniyatning ijtimoiy taraqqiyotida erishilgan muayyan bosqich; madaniy taraqqiyot darajasi.
[2] Ekvator — Yerni shimoliy ham janubiy yarimsharlarga ajratadigan katta aylana, chiziq.
[3] Plantatsiya — faqat bir turdagi ekin ekiladigan katta yer maydoni.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!