20.02.2024
Shamol, yomgʻir va sovuq havo taʼsirida togʻlar yemirilib, mayda toshlar hamda zarralarga aylanadi. Mana shu diametri 0,05–2,5 mm gacha boʻlgan zarralar qum deb ataladi.
Qum togʻ jinslarini tashkil etuvchi minerallarning kichik zarralaridan paydo boʻladi, shuning uchun qumda turli xil minerallarni topish mumkin. Qumda asosan mustahkam va tabiatda juda koʻp uchraydigan mineral — kvars uchraydi. Baʼzida qum 99% kvarsdan iborat boʻladi. Shuningdek, qumda dala shpati, kalsit, slyuda, temir rudasi, shuningdek oz miqdorda yoqut, turmalin va topaz kabi boshqa minerallar ham mavjud.
Qum togʻ jinslari yemirilishga moyil boʻlgan joylarda hosil boʻladi. Qum hosil boʻladigan asosiy joylardan biri bu — dengiz qirgʻoqlari. Toʻlqinlarning toshlar, shamol olib kelgan qumlar, togʻ jinslari va dengiz suvining baʼzi minerallariga taʼsiri qum hosil boʻlishiga yordam beradi.
Shamol qumni sohildan quruqlik ichkarisiga olib oʻtadi. Baʼzan shunchalik koʻp qum koʻchib oʻtadi-ki, butun oʻrmon qum tepalari tagida qolishi ham mumkin. Tasavvur qiling-a, qum ostidagi o‘rmon qanday bo‘lishi mumkin?
Choʻllardagi qum-chi? Ular qanday paydo bo‘ladi? Cho‘ldagi qumlarni asosan shamol olib keladi. Baʼzi hollarda choʻl qumi togʻ tizmalarining yemirilishi natijasida hosil boʻladi. Ayrim choʻllar o‘rnida bir vaqtlar dengiz mavjud boʻlgan va u ming yillar oldin orqaga chekingach, uning joyida qum qolgan.
Qum juda foydali material hisoblanadi. U qurilishda juda koʻp ishlatiladi. Sement (sun’iy qurilish moddasi) va suv bilan birgalikda qum quyuq, yopishqoq pasta — “qorishma”ni hosil qiladi, u qotganida “beton”ga aylanadi. Qumdan, shuningdek, shisha, jilvirli qogʻoz, suvni tozalovchi filtrlarni ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Eng asosiysi, bolalar uchun qasr qurishda qum asosiy xomashyo bo‘lib xizmat qiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.