Barmoq izlari nima uchun kerak?

Ikki qoʻlingizdagi barmoqlarning izlari har xil desak ishonasizmi? Dunyoda bir xil barmoq izlariga ega insonlar yoʻq desakchi? Qadim zamonlardayoq odamzod barmoq uchlarida naqshlar borligini payqagan. Xitoy aholisi ularni ancha yillar oldin turli maqsadlarda ishlatgan.

Yaqin ikki asrdan boshlab odamlar barmoq izlarini jinoyatchilarni aniqlash vositasi sifatida ishlatishni boshladilar. Birinchi boʻlib 1880-yilda Angliyada yashagan doktor Genri Folds ularni shu maqsadda qoʻllashni taklif qilgan. 1882-yilda taniqli ingliz olimi Frensis Galton esa bir-biriga oʻxshash ikkita barmoq izi boʻlmasligini isbotlagan. U daktiloskopik¹ varaqalar toʻplamini yigʻishni boshlagan birinchi inson edi.

Uning nazariyalari bilan Buyuk Britaniya hukumati qiziqa boshlagan. Hukumat jinoyatchilarni aniqlashda barmoq izlarini qoʻllash imkoniyatlarini topish uchun maxsus komissiya tayinladi. Komissiya aʼzolaridan biri ser Edvard Genri keyinchalik Skotlend-Yardning (Buyuk Britaniya politsiya xizmatining bosh boshqarmasi) boshligʻi boʻldi.

Ser Genri barmoq izlarini tasniflash (guruhlash) va saqlash tizimini ixtiro qildi. Tushunganingizdek, tegishli solishtirish tizimisiz bu ish juda uzoq vaqt talab etadi, tergov paytida esa tezkorlik juda muhimdir.

Uning tasnifiga koʻra, barmoqdagi naqshning quyidagi elementlari ajratib olingan: ilmoqlar, qoʻsh ilmoqlar, yopiq ilmoq-raketkalar, yoylar, arklar, burmalar va tasodifiy elementlar. Agar izning maʼlum bir nuqtalari orasidagi chiziqlar hisoblab chiqilsa, oʻnta barmoq izining har birini maxsus guruhga osongina tasniflash mumkin. Tasniflash uchun gumonlanuvchining barcha 10 ta barmogʻining izlari olinadi. Bu tizimga muvofiq qayta ishlangan barmoq izlari varaqalari shaxsning ismi va guruhidan yoki u tomonidan sodir etilgan jinoyat turidan qatʼi nazar, maʼlum bir ketma-ketlikda joylashtiriladi. Politsiya kartotekasida (maʼlumotlar bazasi) millionlab varaqalar boʻlishi mumkin, ammo shaxsni aniqlash uchun bir necha daqiqa yetarli boʻladi.

Federal qidiruv byurosining kartotekasida 100 million odamning barmoq izlari varaqasi mavjud. U yerda harbiy xizmatchilar, shuningdek, davlat arboblarining barmoq izlari ham saqlanadi.

Bugungi kunda politsiya Buyuk Britaniyada ishlaydigan barcha chet elliklarning, shuningdek mudofaa korxonalarida ishlaydigan ishchilarning ham barmoq izlarini olmoqda.Siz ham 16 yoshga toʻlganingizda, pasport uchun barmoq izlaringizni olishadi va maʼlumotlar bazasiga kiritishadi.


[1] Daktiloskopiya — barmoq izlari orqali shaxsni aniqlash haqidagi fan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!