Qog‘ozni kim o‘ylab topgan?
Qog'oz haqida ma'lumot, Qog'ozni kim o'ylab topgan?
3 min
Tarix

Bir parcha qogʻozni olib, uni eniga va boʻyiga yirtishga harakat qilib koʻring. Qogʻozning bir tomoni boshqa tomoniga qaraganda osonroq yirtilishini sezdingizmi? Yaxshilab qarasangiz, bo‘lingan joyda soch kabi juda nozik tolalarni koʻrishingiz mumkin.

Bu nimani bildiradi? Birinchidan, qogʻoz mashinada ishlab chiqarilgan, aks holda u ikkala yoʻnalishda ham birday yirtilar edi. Ikkinchi fakt esa qogʻoz daraxt tuzilmasini tashkil etuvchi sellyulozaning¹ eng kichik zarralaridan iborat.

Odamzod yozuv materialini qogʻoz paydo boʻlishidan ancha oldin ixtiro qilgan. Qadimgi misrliklar taxminan bundan 4000 yil oldin papirus poyalarini olib, uni qobigʻidan ajratib tekislashgan. Keyin papirus tasmalarini biri ustiga ikkinchisini koʻndalang shaklda joylashtirib, bir-biriga yopishishi uchun presslashgan. Quritilgan papirus varagʻi yozish uchun yaxshi material boʻlgan.

Ammo bu hali biz bilgan qogʻoz emas. U Xitoyda taxminan 105-yilda Say Lun ismli odam tomonidan ixtiro qilingan. U tut daraxti poʻstlogʻining tolali ichki qismidan qogʻoz tayyorlash usulini topgan.

Xitoyliklar tolalarni ajratish uchun daraxt poʻstlogʻini suvda maydalab, soʻngra bu aralashmani tubida uzun va ensiz bambuk tasmalari boʻlgan tovoqlarga quyganlar. Suv oqib ketgach, yumshoq varaqlarni olib quritish uchun tekis yuzaga qoʻyishgan. Buning uchun bambuk va eski matolar ishlatilgan. Keyinchalik unga kraxmal qoʻshib, qogʻoz sifatini yaxshilash mumkinligini kashf qilishgan.

Xitoy savdogarlari uzoq shimol va gʻarbga sayohat qilib, Samarqand shahriga kelishgan. Bu yerda arablar xitoyliklardan qogʻoz ishlab chiqarish sirlarini oʻrganib, uni Ispaniyaga olib borishgan. U yerdan qogʻoz tayyorlash sanʼati butun dunyoga tarqalib, Yevropa va Angliyagacha yetib kelgan.

Vaqt oʻtishi bilan qogʻoz tayyorlashning turli xil usullari kashf qilingan, shu bilan birga turli xil mashinalar yaratilgan. Ular orasida eng muhimlaridan biri uzun va juda nozik qogʻoz varaqlarini tayyorlashga imkon beradigan mashina edi. U 1798-yilda Fransiyada ixtiro qilingan.

Biz har kuni yozadigan daftar varaqlari shu tariqa dunyoga kelgan. Unutmang, har bir sarflayotgan varagʻingiz tirik daraxtlar evaziga tayyorlanadi. Ularni avaylab, kerakli bilimlar bilan toʻldiring.


[1] Sellyuloza — yogʻochdan va baʼzi bir oʻsimliklar poyasidan kimyoviy yoʻl bilan hosil qilinadigan modda (qogʻoz va karton, sunʼiy ipak, plastmassa, lok, portlovchi moddalar va h.k. tayyorlash uchun ishlatiladi).

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!