Tutun nima?
Tutun nima? Yonganida tutun chiqarmaydigan moddalar ham borligini bilasizmi?
3 min
Bu nima?

Sirli va xavfli narsalardan biri tutun — ayrim turdagi yoqilgʻilarning toʻliq yonmasligi natijasi. Bundan kelib chiqadiki, agar yoqilgʻi toʻliq yonib ketganida, tutun umuman boʻlmas edi.

Koʻpgina yoqilgʻilar uglerod, vodorod, kislorod, azot, oz miqdorda oltingugurt va mineral kuldan iborat. Agar bularning barchasi butunlay yonib ketganida, chiqindi mahsulotlari oʻlaroq karbonat angidrid, suv bugʻlari va erkin azot hosil boʻlardi, ularning barchasi esa zararsizdir. Agar yoqilgʻida oltingugurt boʻlsa, oz miqdorda oltingugurt dioksidi ham qoladi. U havo va namlik bilan birlashganda metalda korroziya (yemirilish) keltirib chiqaradigan kislota hosil qiladi.

Yoqilgʻining toʻliq yonishi uchun yuqori haroratda oksidlanishga yetarli miqdorda kislorod kerak. Ayniqsa qattiq yoqilgʻi bilan bunga erishish qiyin va natijada tutun paydo boʻladi.

Antratsit va koks tutunsiz yonadi, chunki ularning tarkibida uchuvchi moddalar yoʻq.

Bitum koʻmirlari past haroratda parchalanadi va bunda gazlar hamda qatron ajralib chiqadi. Ular chang va kul bilan birikib tutun hosil qiladi.

Har qanday shahar havosi muallaq qattiq moddalarga toʻyingan, ammo ularning hammasi ham tutun emas. Tutun tarkibida chang, oʻsimlik zarralari va boshqa moddalar boʻlishi mumkin. Gravitatsiya (tortishish) kuchlari taʼsiri ostida ular asta-sekin pastga tushadi. Kichik shaharlarda yoki shahar atrofidagi shaharchalarda yiliga har kvadrat kilometrga 70–90 tonnagacha bunday zarralar choʻkadi. Yirik sanoat shaharlarida bu raqam 10 baravar koʻp boʻlishi mumkin.

Tutun juda koʻp zarar keltirishi mumkin. U odam salomatligi, tuzilmalar, oʻsimliklarga zarar yetkazadi. Katta shaharlarda tutun quyosh nurlarining, ayniqsa inson sog‘ligi uchun juda muhim boʻlgan ultrabinafsha nurlarining oʻtishiga toʻsqinlik qiladi.

Agar shamol tutunni tarqatib yubormaganida, shaharlarda kun boʻyi tuman turar edi. Tutunli tumanlar tez-tez uchraydigan joylarda oʻpka va yurak kasalliklari tufayli oʻlim darajasi yuqori bo‘ladi.

Tutunning oʻsimliklarga ta’siri ayniqsa xavflidir. Bu oʻsimliklarning “nafas olishiga” xalaqit beradi va ularni quyosh nurlaridan mahrum qiladi. Koʻpincha tutun tarkibidagi kislotalar oʻsimliklarni nobud qiladi.

Biz uchun sirli boʻlgan tutun aslida shuncha zararga ega ekan. Kuzgi xazonrezgilik (kuz mavsumida barg toʻkiladigan davr) paytida toʻkilgan barglarni yoqib yubormoqchi boʻlishsa, bugun oʻqigan ma‘lumotlarni aytib, ularni bu yoʻldan qaytarishingizga ishonamiz. Zero, tabiat va oʻz sogʻligimizni asrash har birimizning burchimizdir!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!