Golfstrim nima?
Golfstrim haqida, Golfstrim haqida ma'lumot
2 min
Bu nima?

Golfstrim bu — Shimoliy Atlantika okeanidagi issiq dengiz oqimi. Golfstrimning (inglizchadan “Gulf Stream” — koʻrfazdan¹ chiqadigan oqim) hajmi quruqlikda oqadigan barcha daryolarnikidan kattaroqdir.

Golfstrim AQShning Sharqiy qirgʻogʻi boʻylab shimol tomonga, soʻngra Atlantika okeanining shimoliy qismi boʻylab harakatlanib, Yevropaning shimoli-gʻarbiy qismiga yetib boradi. Golfstrim yorqin koʻk rangda boʻlib, u yoʻli oʻtadigan okeanning yashil va kulrang suvidan farq qiladi.

U oʻz sayohatini Atlantika okeanining ekvator yaqinida boshlaydi. Yuzadagi suv harakati yoki “dreyf” avval gʻarbiy yoʻnalishda boshlanadi, shuning uchun Golfstrim dastlab Janubiy Amerikaning shimolidan Karib dengiziga boradi. Shimolga burilib, AQShning sharqiy qirgʻogʻi boʻylab harakatlanishni boshlaganidagina u Golfstrimga aylanadi.

Golfstrim dunyoning iliq mintaqasida paydo boʻlganligi sababli bu iliq suv oqimidir. Katta miqdordagi iliq suv oqimi koʻplab mintaqalarning iqlimiga sezilarli ta’sir o‘tkazadi.

Bunga Shimoliy Yevropaga Golfstrim orqali oʻtadigan shamollar (yevropaliklar tilida Shimoliy Atlantika oqimi deb ataladi) Norvegiya, Shvetsiya, Daniya, Gollandiya va Belgiyaga issiqlik olib kelishini misol sifatida keltirish mumkin. Natijada, bir xil kenglikda joylashgan boshqa hududlarga qaraganda bu oʻlkalarda qish iliqroq kechadi. Xuddi shu sababga koʻra, Norvegiya qirgʻogʻidagi dengiz portlari yil davomida muzdan xoli boʻladi.

Golfstrim tufayli qishda juda sovuq boʻladigan Labradorning (Kanadadagi yarimorol) janubiy qismiga qaraganda Parij va Londonda qish issiqroq kechadi. Golfstrim ustidan oʻtadigan shamollar iliq va nam boʻladi. Bunday shamol, masalan, Nyufaundlendga (Kanadadagi orol) yaqinlashganida sovib, qalin tuman hosil qiladi. 

Golfstrim Shimoliy Amerikadagi qishki haroratga Yevropada boʻlgani kabi taʼsir qilmaydi, chunki shamollar Yevropaga qarab esadi.


[1] Koʻrfaz — okean, dengiz yoki koʻlning quruqlik ichkarisiga kirgan qismi; qoʻltiq.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!