Yog‘ qanday paydo bo‘ladi?

Yogʻ — odamzodga maʼlum boʻlgan va eng koʻp ishlatiladigan qadimiy mahsulotlardan biri. Qadimgi davrlarda dunyoning koʻplab mamlakatlarida yogʻ oziq-ovqat sifatida ishlatilmaganligi juda gʻalati. Hindular yogʻni diniy marosimlarda qurbonlik sifatida ishlatishgan. Yunonlar va rimliklar ham yogʻlarni isteʼmol qilmasdan teri kasalliklarini davolash uchun dori sifatida ishlatishgan. Ular kuygan yogʻning qurumi koʻzlar uchun foydali ekanligiga ishonishgan. Rimliklar yogʻdan teri va soch uchun malham sifatida foydalanishgan.

Ispaniyada 300 yil oldin yogʻ faqat dorixonalarda sotilgan. Qadimgi davrlarda faqat baʼzi xalqlar sariyogʻni isteʼmol qilishgan, ammo u hech qachon yangiligida ovqatga ishlatilmagan. U eritilgan holatda saqlangan va hatto yuz yillik yogʻni qadrlaydigan odamlar ham boʻlgan. Oziq-ovqat yogʻini tayyorlash Yevropaga Skandinaviyadan kelgan degan ehtimollar ham mavjud.

Bugungi kunda yogʻ juda zarur mahsulotlardan biri hisoblanadi. U organizm tomonidan tez soʻriladigan juda yuqori kaloriyali ozuqadir. Shuningdek, yogʻdagi moddalar uning oshqozonda uzoq vaqt turishiga va tanaga energiya berishiga imkon beradi.

Yogʻ ishlab chiqarish sigirlarni sogʻishdan boshlanadi. Sigirlarning Gernsiya va Jersi zoti sutida koʻp miqdordagi yogʻ borligi sababli ular “yogʻli” zotlar deb nomlanadi. Sut sogʻib olingach, undan qaymoq olinadi. Keyin qaymoq achishi uchun xona haroratida qoldiriladi. Bu ularga oʻzgacha taʼm beradi va sariyogʻ tayyorlash jarayonini osonlashtiradi. Barcha bakteriyalarni yoʻq qilish va yogʻni saqlash muddatini oshirish uchun qaymoq pasterizatsiya¹ qilinadi.

Sut yogʻini zardobdan ajratib olish uchun moyjuvozda² koʻpirtiriladi. Zardobda umuman yogʻ boʻlmaydi. Keyin yogʻga suv qoʻshiladi va undan barcha keraksiz komponentlarni olib tashlash uchun yana bir marta moyjuvozda yaxshilab aralashtiriladi. Suv ham ajratib olinganidan soʻng tayyor yogʻ qoladi. Taʼmi va rangi jihatidan bir xil hamda yumshoqroq boʻlishi uchun u katta roliklar (aylanadigan qurilma) orasidan oʻtkaziladi. Shundan soʻng yogʻ qadoqlanib doʻkonlarga yuboriladi.


[1] Pasterizatsiya — yaroqlilik muddatini uzaytirish uchun oziq-ovqat va ichimliklarga issiqlik yuborish jarayoni.
[2] Moyjuvoz — sutdan sariyogʻ olish uchun ishlatiladigan qurilma.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!