Qanday qilib o‘samiz?

Barcha tirik mavjudot shakli, oʻlchamlari, qanday yaratilgani, hayot tarzi va imkoniyatlariga xos ravishda oʻsadi va rivojlanadi.

Oʻsishni keltirib chiqaradigan eng muhim kuchlar tirik mavjudot paydo boʻlganidan uning ichida boʻladi. Ushbu kuchlar irsiyat deb ataladi. Hayvonlarda, shu jumladan odamlarda ham oʻsish va rivojlanish bosqichlari mavjud. Bularga quyidagilar kiradi: embrion va ona qornidagi rivojlanish davri, goʻdaklik, bolalik, yoshlik, o‘rta yosh davri va qarilik.

Baʼzi jonzotlarning goʻdaklik davri haqida gapirish qiyin. Masalan, tuxumdan chiqiboq ucha oladigan qushlar bor. Dengiz choʻchqasi tugʻilganidan uch kun oʻtgach oʻzini eplashga qodir. Ammo odam taxminan 18–20 yoshgacha voyaga yetmaydi.

Chaqaloq tugʻilganida odam yashash uchun zarur boʻlgan miya va orqa miya hujayralari hamda tananing barcha qismlariga tarqaladigan hamma nerv hujayralariga ega boʻladi. Ushbu asab hujayralari oʻrtasidagi aloqalarning rivojlanishi unga oʻz harakatlarini boshqarish, dunyoni bilish va jamiyatda oʻzini tutishni oʻrganishga yordam beradi.

Hayotining ilk haftalarida odam har qachongidan ham tezroq oʻsadi. Hatto birinchi yilining oxirida ham u ilk 7 kunligidan sekinroq rivojlanadi. Bolalik davri mobaynida inson oʻrtacha tezlikda oʻsadi. Keyin yana intensiv (faol) oʻsish davri keladi. Qizlarda bu odatda 11–13 yoshda, oʻgʻil bolalarda esa 12–14 yoshda roʻy beradi. Bir muncha vaqt ular eng yuqori tezlikka erishguncha nisbatan tezroq oʻsishadi. Soʻngra oʻsish butunlay toʻxtaguncha yana sekinlashadi. Bu odam maksimal oʻlchamlarga yetganini anglatadi.

Boʻyning oʻsishi va vazn ortishi odamlarda koʻpincha navbatma-navbat sodir boʻladi. Avvalo, u bir muncha vaqt boʻyiga, keyin esa eniga rivojlanadi. Koʻp odamlarning 11 yoshdan 12 yoshgacha “doʻmboq” deb ataladigan davri boʻladi. Ammo keyingi yillarda ular boʻyiga oʻsishni boshlaydilar va semizlik yoʻqoladi.

Xullas, shunday qilib oʻsamiz, doʻstlar. Ota-onangizdan 11–12 yoshlarida rostdan ham “doʻmboq” boʻlganlarmi yoki yoʻqligini soʻrashni unutmang-a.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!