20.02.2024
Siz tanigan deyarli har bir kishida soʻgallardan xalos boʻlishning “maxsus usuli” bor. Hatto minglab aqlbovar qilmaydigan narsa aytib berishadi. Agar ularning koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilsangiz, soʻgallar, albatta, yoʻqolishiga vaʼda ham berishadi.
Soʻgallarning kutilmaganda paydo boʻlishi va yoʻqolishi tufayli koʻpchilik bunda qandaydir sehr borligiga chin dildan ishonadi. Rim imperiyasining qadimgi davrlaridayoq odamlar soʻgal haqida shubhali fikrlarga ega boʻlgan. Rimlik Pliniy oʻzining “Tabiiy tarix”ida: “Toʻlin oyning birinchi kunida noʻxatni soʻgalga bosib, keyin uni matoga oʻrab, orqangizga tashlashingiz kerak”, deb yozgan.
Koʻpchilik qurbaqa yoki baqaga tegingandan soʻng soʻgal chiqishiga ishonadi. Ammo aslida unday emas. Soʻgal — bu teri yoki shilliq qavatdagi oʻsimta. Soʻgallar odamlarda koʻpincha tugʻilganida, ayrimlari bolalik davrida yoki undan keyin paydo boʻladi. Ularning bir qismi vaqt oʻtishi bilan yoʻqolib ketadi.
Soʻgal paydo boʻlishi sababini tushuntiruvchi toʻliq ilmiy izoh yoʻq. Haligacha ular haqida yetarli maʼlumotga ega emasmiz. Soʻgallarni oʻrgangan baʼzi shifokorlar ularga filtrlanmagan¹ virus sabab boʻladi deb hisoblashadi. Bu juda mayda mikrob boʻlib, hatto eng yaxshi filtr ham uni ushlab qola olmaydi. Boshqalar esa soʻgallar ishqalanish va taʼsirlanish natijasida paydo boʻladi, deyishadi.
Voyaga yetgan kishining qoʻl yoki barmoqlariga chiqqan soʻgal, odatda, qandaydir taʼsirlanish tufayli paydo boʻlib, yengil koʻrinishda, lekin tez-tez takrorlanishi mumkin. Bezovta qilmagani uchun bunga ahamiyat bermaymiz va natijada soʻgal tez-tez paydo boʻladi.
Koʻpincha soʻgal maʼlum bir ish bilan shugʻullanadigan odamlar qoʻllarida uchraydi. Masalan, qassobxonada ishlaydigan odamlarning bilak yoki barmoq boʻgʻimlarida soʻgal oʻsib chiqadi. Ular “qassob soʻgallari” deb ataladi va bunga sil kasalligi tayoqchalari sabab boʻlishi mumkin.
Soʻgallar koʻpincha toshkoʻmir qatroni, neft yoki uning mahsulotlari, rentgen nurlari bilan ishlaydigan odamlarda boʻladi. Ular koʻpincha xavfli oʻsimtaga, yaʼni saraton oʻsimtasiga aylanadi.
Hech qaysi holatda soʻgallarni “uy sharoitida” yoʻqotishga urinmaslik kerak. Chunki har doim jiddiy infeksiya² tushish xavfi mavjud. Soʻgalni oʻz holiga qoʻying yoki shifokorga murojaat qilib sinalgan usulda undan xalos boʻling. Kimdir aytgan “davo” usuli bilan soʻgalni yoʻqotmoqchi boʻlganingizda uni xavfli infeksiya oʻchogʻiga aylantirishingiz xavfi bor. Ehtiyot boʻling!
[1] Filtr — suyuqlik yoki gazlarni kerkasiz aralashmalardan tozalaydigan moslama.
[2] Infeksiya — kasallik paydo qiladigan mikroorganizmlar sababli kasallikning yuqishi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.