Alifboni kim o‘ylab topgan?
Alifbo ixtiro qilinishdan oldin odamlar nimadan foydalangan? Alifboni kim o'ylab topgan?
2 min
Tarix

Alifbo harflari aslida tovushlarning belgilaridir. Ingliz alifbosining harflari taxminan 2500 yil oldin yaratilgan Rim alifbosiga asoslangan. Bosh harflar deyarli miloddan avvalgi III asrda qoʻllangan Rim harflariga oʻxshaydi.

Alifbo ixtiro qilinishidan oldin odamlar biron bir voqeani yozish yoki xabarni yetkazish uchun rasmlardan foydalangan. Bir nechta antilopaning¹ tasviri “bu yer ov uchun yaxshi” degan maʼnoni anglatgan yozuv shakli boʻlgan. Bunday “tasviriy yozuv” qadimgi Bobil², Misr va Xitoyda keng tarqalgan.

Vaqt oʻtishi bilan tasviriy yozuv oʻzgargan. Rasm obyekt tasviri oʻrniga u bilan bogʻliq gʻoyani ifodalay boshlagan. Masalan, oyoq tasviri “borish” feʼlini anglatgan. Ushbu yozuv davri “ideografik” yoki “gʻoyani yetkazib beruvchi” deb nomlanadi.

Bunday yozuv bilan bogʻliq asosiy muammo — xabarni turli odamlar tomonidan har xil tushunilishi edi. Asta-sekin bu usul oʻzgargan. Belgilar tovushlarning kombinatsiyasiga³ moslasha boshlagan. Masalan, agar “id” soʻzi “qoʻl” degan maʼnoni anglatgan boʻlsa, qoʻl tasviri “id” tovushini bildira boshlagan. Shuning uchun “id” tovushini ifodalash uchun qoʻl tasviridan foydalanishgan. Yozuvning ushbu bosqichi “sillabik yozuv” deb ataladi.

Bobil va Xitoyda yozuvning rivojlanishi ushbu bosqichda toʻxtagan. Misrliklar bitta undosh tovushdan iborat alohida tovush yoki soʻzlarni bildiruvchi 24 ta belgini tasvirlarga kiritish orqali oʻziga xos alifbo yaratishgan. Biroq ular oʻsha paytda oʻz ixtirolarining ahamiyatini tushunmaganlar.

Taxminan 3500 yil oldin Oʻrta dengizning sharqiy qirgʻogʻida yashagan xalqlar alifbo yaratilishiga sabab boʻlgan kashfiyot qildilar. Bir belgini bitta tovush uchun barcha kombinatsiyalarda ishlatish mumkinligini anglagach, bu maqsadlarda cheklangan miqdordagi belgilarni qoʻllashgan. Mana shunday belgilar alifboga aylangan.

Alifbodan qadimgi yahudiylar va finikiyaliklar foydalana boshlagan. U finikiyaliklardan yunonlarga oʻtgan. Baʼzi oʻzgarish va qoʻshimchalarni kiritib, qadimgi rimliklar yunon alifbosini qabul qilishgan. Bu yerdan lotin alifbosi Gʻarbiy Yevropa xalqiga oʻtgan. Zamonaviy alifbo shu tarzda paydo boʻlgan.


[1] Antilopa — ikki shoxli, kavsh qaytaruvchi oʻtxoʻr hayvon.
[2] Bobil — janubiy Mesopotamiyadagi qadimiy shahar, Bobil imperiyasining poytaxti.
[3] Kombinatsiya — bir turdagi narsalarning yoki biror narsa turlarining maʼlum tartibda uygʻunlashgan yoki oʻzaro izchil joylashgan, qoʻshilgan birikmasi, majmui.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!