Fotokamerani kim ixtiro qilgan?
Fotokamera nima? Fotokamera haqida ma'lumot
3 min
Tarix

Selfi qilmaganlar bormi? Bugungi kunda biz suratga olish va uni sekundlar ichida koʻrish imkoniyatiga ega ekanligimizda, bu amalga oshguniga qadar yuzlab yillar davomida tajribalar oʻtkazilganiga ishonish qiyin. Fotografiya bir kishining ixtirosi emas, uni zamonaviy mukammallik darajasiga olib kelgan narsalar haqida tasavvur hosil qilishingiz uchun sizni uning tarixi bilan qisqacha tanishtirib oʻtamiz.

XI-XVI asrlar oraligʻida odamlar “kamera-obskura” deb nomlangan asbobdan foydalanishgan. Bu qogʻozga jismning tasvirini tushirish imkonini bergan, soʻngra surat aniq boʻlishi uchun uni qoʻl bilan ustidan chizib chiqishgan. Aslida bu fotokamera emas edi.

1568-yilda Daniyello Barbaro “kamera-obskura”ni obyektiv linzalari va tasvirning aniqligini oshirish uchun oʻzgaruvchan diametrli teshik bilan taʼminladi. 1802-yilda Tomas Uyejvud hamda ser Xamfri Deyvi kontaktli bosma usuli bilan tasvirlarni maxsus qoplamali qogʻozga tushirishdi, ammo ularning mustahkam aks etishiga erisha olmadilar.

1816-yilda Jozef Nips mikroskopdan olingan quti va linzalardan foydalanib, hali nomukammal boʻlgan fotokamera yasagan va u bilan negativ tasvirlarni olishga muvaffaq boʻldi. 1835-yilda Uilyam Talbot birinchi boʻlib negativdan pozitivlarni yarata oldi va barqaror suratlarni olishga muvaffaq boʻldi.

1839-yilda Lui Dager tasvir kumush plastinkaga tushiriladigan dagerrotip¹ jarayonining ixtirosini eʼlon qildi. Vaqt oʻtishi bilan butun dunyo boʻylab turli odamlar fotografiyani rivojlantirib borishdi. Ularning koʻpchiligi bu yerda muhokama qilinishi uchun texnik jihatdan juda murakkab, ammo koʻrib turganingizdek, bu uzoq va sekin rivojlanish jarayoni boʻlgan.

Nihoyat, 1888-yilda “Eastman Dry Plate and Film” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va “kodak” tizimidan foydalanilgan fotokamera sotuvga chiqarildi. U 100 ta surat olish uchun yetarli boʻlgan 6 santimetr kenglikdagi tasma qoʻyilgan holda sotilgan. Tasmadan toʻliq foydalanilgach, u fotokamera bilan birga Rochesterdagi (AQShdagi shahar nomi) kompaniyaga qaytarilgan. Bu yerda tasma olinib qayta ishlangan va fotokameraga yangi tasma qoʻyilib mijozga qaytarib joʻnatilgan.

Ehtimol, butun dunyo boʻylab millionlab kishi orasida mashhur boʻlgan zamonaviy fotografiya sanʼati ushbu kameradan boshlangan boʻlsa ajab emas. Keyingi safar doʻstlaringiz bilan rasmga tushayotganda shu maqola haqida bir eslab qoʻying.


[1] Degerrotip — kumush yodidning yorug’lik sezgirligiga asoslangan fotografiyaning ilk koʻrinishi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!