Ovqatni qanday hazm qilamiz?
Ovqat hazm qilish jarayoni qanday kechadi? Ovqatni qanday hazm qilamiz?
3 min
Inson organizmi

Yashash va oʻsish uchun bizga ovqatlanishning oʻzi yetarli emas. Tana oziq-ovqatni qabul qilishi uchun uning shaklini oʻgartirishi kerak va bu jarayon “ovqat hazm qilish” deb nomlanadi.

Ovqat hazm qilish ovqat ogʻizga tushib, chaynalib, yutilgach boshlanadi. Keyin u butun tana boʻylab choʻzilgan uzun, baʼzan buralgan naycha koʻrinishidagi ovqat hazm qilish traktida (yoʻl) davom etadi. Ovqat hazm qilish traktining barcha qismlari bir-biriga bogʻlangan, ammo ular bajaradigan vazifalari bilan farq qiladi. Ogʻiz ham oziq-ovqat, ham havo uchun kirish joyi boʻlgan tomoqdagi keng halqumga olib boradi. Qiziloʻngach koʻkrak qafasi orqali oʻtib, halqum va oshqozonni bogʻlaydi. Oshqozon oʻralgan ingichka ichakka olib boradi. Oziq-ovqat traktining oxirgi qismi — yoʻgʻon ichakdir.

Ovqat hazm qilish jarayonida oziq-ovqat bilan nima sodir boʻlishini qisqacha tasvirlab beramiz. Ogʻizdagi soʻlak kraxmalni parchalashga yordam beradi (masalan, makkajoʻxori va kartoshkada). Oziq-ovqat namlanib maydalangach, halqumdan tushib, qiziloʻngach orqali oʻtadi va oshqozonga yetib boradi.

Ovqat hazm qilish jarayonining koʻp qismi aynan oshqozonda sodir boʻladi. Bu yerda oshqozon devorlaridan ajralib chiqadigan shira ovqat bilan aralashadi. Ushbu shiralardan biri — xlorid kislota. Oshqozon ishlab chiqaradigan yana bir sekretsiya¹ pepsin (Pepsi emas) oqsilning soʻrilishini osonlashtirish uchun uning kichik shakllarga boʻlinishiga yordam beradi. Oshqozondagi ovqat kislotaga toʻyinguniga qadar kraxmal parchalanishda davom etadi. Shundan soʻng kraxmalning soʻrilishi deyarli toʻxtaydi.

Shunday qilib, oshqozondagi suyuq ovqat chayqalib, hazm qilish shirasi bilan yaxshilab aralashadi. Uning keyingi yoʻli oshqozonning pastki qismidagi qopqoq — “darvozabon” orqali ingichka ichakka oʻtishdir.

Ingichka ichak — 6,5–7,5 metr uzunlikdagi spiral shaklida oʻralgan naycha. Ingichka ichakning birinchi qismi boʻlgan oʻn ikki barmoqli ichakda ovqatning hazm boʻlishi davom etadi. Oshqozon osti bezi va jigar shiralari ovqatni parchalashga yordam beradi. Bu yerda oqsillarning parchalanishi va kraxmalning soʻrilishi tugaydi, yogʻlar tozalanadi, yaʼni toza qismlarga boʻlinadi, oʻzlashtirilgan ovqat qon va limfaga soʻriladi. Yoʻgʻon ichakka tushgandan soʻng ovqat qoldiqlari qattiqlashadi, chunki bu yerda undan suv soʻrib olinadi. Shundan soʻng u tanani chiqindi sifatida tark etishi mumkin.

Mana, ovqatni ham parchalab tashladik, endi bemalol dam olishimiz mumkin.


[1] Sekretsiya — kimyoviy moddalarning hujayradan ajralib chiqish jarayoni.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!